Rossiya va Ukraina: 40 kunlik hujum hisoboti
Ukraina xavfsizlik xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Prezident Vladimir Zelenskiy tomonidan 25-iyun kuni tasdiqlangan keng ko‘lamli amaliyotdan ko‘zlangan asosiy maqsad Rossiyaning harbiy va iqtisodiy qudratini muntazam ravishda zaiflashtirib, raqibni urushni to‘xtatishga majbur qilishdan iborat.
Idora axborotida aytilishicha, RF hududidagi 100 dan ortiq strategik inshoot hamda front chizig‘idagi 21 000 dan ziyod harbiy texnika, qurol-yaroq va infratuzilma ob’ektiga zarba berilgan. Shuningdek, 5 000 ga yaqin rossiyalik harbiy xizmatchi yo‘q qilingan.
Hisobotda amaliyotning asosiy yo‘nalishi rus yonilg‘i-energetika tizimini ishdan chiqarish ekani alohida qayd etilgan. Oxirgi 40 kun davomida 14 neftni qayta ishlash zavodi, o‘nlab neft bazasi, saqlangan zaxira, nasos stansiyalari, neft terminallari va xom ashyo qazib olish maydoni nishonga olingan. Qolaversa, “Blue”, “Louise-1”, “Banda” va “Avero” tankerlariga, xalqaro sanksiyaga tushgan ikki yuk kemasiga ham hujum qilingan.
Maxsus xizmat mas’ullari Rossiya harbiy-iqtisodiy imkoniyatini cheklashga qaratilgan bunday amaliyot izchil davom etishini bildirgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA