Rossiya hududida “O‘zbekiston turizm kunlari”ni tashkil etish tashabbusi ilgari surildi
O‘zbekistonning turistik salohiyatini dunyo bo‘ylab targ‘ib qilish bo‘yicha olib borilayotgan tadbirlar samaradorligi oshmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining XVII International Economic Forum “Russia – Islamic World: Kazan Forum” doirasidagi ishtiroki davomida turizm sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro turistlar oqimini oshirishga qaratilgan qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi.
Jumladan, Rossiya Federatsiyasi Iqtisodiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari D.Vaxrukov bilan “Rossiyada O‘zbekiston turizm yili” doirasida 2024–2025-yillarda amalga oshirilgan tadbirlar yakuni ko‘rib chiqildi, deyiladi Turizm qo‘mitasi ma’lumotida.
O‘zbekiston tomonidan Rossiya hududlarida “O‘zbekiston turizm kunlari”ni tashkil etish tashabbusi ilgari surildi va mazkur loyiha yuzasidan tegishli muzokaralarni davom ettirishga kelishib olindi.
Uchrashuv yakunida 2026–2027-yillarda Rossiya Federatsiyasi hududlarida “O‘zbekiston turizm kunlari” dasturini ishlab chiqish, soha vakillari va turoperatorlar ishtirokida taqdimot tadbirlarini tashkil etish, hududlararo turizm hamkorligini kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, O‘zbekistonni Rossiya turoperatorlari uchun ichki turizmga tenglashtiriladigan mamlakatlar ro‘yxatiga kiritish masalasi ham muhokama qilindi. Ushbu yo‘nalishda maslahatlashuvlar o‘tkazish, o‘zaro turistik almashinuvni rivojlantirish bo‘yicha takliflar tayyorlash va turistik oqimlarni rag‘batlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish rejalashtirildi.
Mordoviya Respublikasi rahbari A.Zdunov bilan o‘tkazilgan uchrashuvda esa “O‘zbekiston turizm kunlari”ni tashkil etish tadbirlarining sanasi va formatini kelishish, turoperatorlar o‘rtasida B2B va B2C uchrashuvlarini tashkil etishga e’tibor qaratildi. Madaniy va gastronomik taqdimotlarni tayyorlash yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, Tatariston Respublikasi mustaqil kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi E. Kuzmicheva hamda Tatariston davlat turizm qo‘mitasi raisi S. Ivanov bilan ham muzokaralar o‘tkazilib, mazkur davlat korxonalari xodimlari uchun korporativ turistik dasturlarni tashkil etish, qo‘shma marketing kampaniyalarini amalga oshirish, turizm sohasi sub’ektlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.
A.RUSTAMOV, O‘zA