Rossiya Finlyandiya bilan chegara yaqinida harbiy baza quradi
Finlyandiya yadro quroliga taqiqni bekor qilib, xavfsizlik strategiyasida keskin burilish yasadi. Bu qaror mintaqaviy keskinlikni kuchaytirib, Rossiya tomonidan chegara yaqinida yirik harbiy baza qurilishiga tertki berishi mumkin.
Parlament kecha o‘tkazilgan ovoz berish jarayonida mamlakat hududiga yadro qurolini olib kirish va saqlashga qo‘yilgan taqiqni bekor qilish tashabbusini 125 deputat qo‘llab-quvvatlab, 61 nafari qarshi fikr bildirdi. “Bloomberg” agentligi yozishicha, yangi hujjat milliy xavfsizlikni ta’minlash zarurati tug‘ilgan taqdirda Finlyandiya hududi orqali yadro qurolini tashish, yetkazib berish va vaqtincha saqlashga huquqiy asos yaratadi.
Hukumat rasmiylari ushbu qaror mamlakatda yadroviy ommaviy qirg‘in qurollari doimiy ravishda joylashtirilishini anglatmasligini alohida таъкидламоқда. Mudofaa vaziri Antti Xyakkyanen tushuntirishicha, qonunchilikka kiritilgan bu o‘zgarish Yevropa xavfsizligi tizimi yomonlashayotgan bir payt mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va NATOning yadroviy tiyib turish salohiyatidan to‘liq foydalanish uchun tashlangan zarur qadamdir.
E’tiborlisi, ushbu siyosiy qaror asnosida RF Finlyandiya bilan chegaraga yaqin Novaya Vilga qishlog‘ida yirik harbiy baza qurilishini boshlagan. Soha ekspertlari va finlyandiyalik kuzatuvchilar fikriga ko‘ra, juda ulkan mazkur ob’ekt so‘nggi o‘n yilliklarda Rossiya tomonidan chegara hududi yaqinidagi eng yirik harbiy garnizonlardan biriga aylanishi mumkin.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA