Romitan g‘allakorlarining mehnat va baraka tantanasi
Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholini sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Prezidentimiz rahbarligida qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, fermer va dehqonlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qarorlar, zamonaviy texnika va innovatsion texnologiyalarni joriy etish borasida yaratilayotgan imkoniyatlar o‘zining amaliy natijalarini bermoqda.
Buxoro viloyatining Romitan tumani g‘allakorlari tomonidan qo‘lga kiritilgan navbatdagi mehnat zafari buning yana bir yorqin isboti bo‘ldi. Mirishkor dehqonlar yil davomida amalga oshirgan samarali mehnatlari evaziga davlatga don topshirish bo‘yicha belgilangan rejani ortig‘i bilan bajarib, ulkan xirmon yaratishdi.
Joriy dehqonchilik mavsumida tumandagi 401 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 6410 gektar maydonda serhosil navlarga mansub boshoqli don yetishtirildi. 2026-yil hosili uchun davlat omborlariga 21 ming 770 tonna g‘alla topshirish rejalashtirilgan edi. Ammo g‘allakorlarning fidokorona mehnati, agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi natijasida bu marra muddatidan avval zabt etildi.
Ayni kunda davlat omborlariga 21 ming 800 tonnadan ortiq boshoqli don topshirilib, shartnomaviy reja ortig‘i bilan bajarildi. Bu natija zamirida minglab insonlarning halol mehnati, bilim va tajribasi, shuningdek, sohada amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar mujassam.

O‘rim-yig‘im ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish maqsadida hududda barcha zarur sharoitlar yaratildi. G‘alla o‘rimiga jalb etilgan kombayn haydovchilari, mexanizatorlar va fermerlar uchun dala sharoitida issiq ovqat, dam olish joylari hamda ko‘chma texnik xizmat ko‘rsatish shaxobchalari tashkil etildi. Bu esa mehnat unumdorligini yanada oshirishga xizmat qildi.
Hosilni qisqa muddatda va nobudgarchiliksiz yig‘ib olish uchun texnik imkoniyatlar to‘liq safarbar qilindi. Texnik ko‘rikdan o‘tkazilgan 28 ta yuqori unumdor kombayn, yuzdan ortiq yuk avtotransport vositalari, 3 ta ko‘chma ustaxona va 5 ta yoqilg‘i tarqatish agregati uzluksiz xizmat ko‘rsatdi. Shu bois har bir kun, har bir soatdan samarali foydalanildi.
Romitan tumani g‘allakorlari erishgan yana bir muhim yutuq shundaki, ayrim peshqadam fermer xo‘jaliklarida har gektar yerdan 75-80 sentnergacha hosil olindi. Bu esa nafaqat viloyat, balki respublika miqyosida ham yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday natijalarga erishishda suv resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish, mineral va mahalliy o‘g‘itlarni me’yorida qo‘llash, zamonaviy agrotexnologiyalardan samarali foydalanish hamda tajribali mirishkorlar maslahatlariga tayanib ish yuritish muhim ahamiyat kasb etgan.
E’tiborlisi, bugun mamlakatimizda fermerlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni zamonaviy texnika va resurslar bilan ta’minlash, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, yer unumdorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar o‘z samarasini bermoqda. Davlat rahbari tomonidan qishloq xo‘jaligi sohasini modernizatsiya qilish, fermerlarning iqtisodiy manfaatdorligini oshirish va ularning mehnatini munosib rag‘batlantirishga qaratilgan tashabbuslar bugun ana shunday yuksak natijalarda o‘z aksini topmoqda.

Reja bajarilganiga qaramasdan, daladagi ishlar hali davom etmoqda. Zero, haqiqiy dehqon uchun har bir don qadrli. Shu bois g‘alla o‘rim-yig‘imi uyushqoqlik bilan davom ettirilib, hosilni nobud qilmasdan yig‘ib olish choralari ko‘rilmoqda.
Romitan g‘allakorlarining bugungi mehnat g‘alabasi — bu shunchaki raqamlar yoki statistika emas. Bu — yurt rizqi uchun sidqidildan qilingan mehnat, yerga berilgan mehr va el dasturxoni to‘kinligi yo‘lida fidokorona xizmatning amaliy ifodasidir. Ana shunday mehnatkash insonlar bor ekan, mamlakatimiz dasturxonidan baraka, xalqimiz xonadonlaridan farovonlik arimaydi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri