Robotlar zavodlarni egallamoqda
Robotlar haqidagi shov-shuv asosan odam qiyofasidagi mashinalar atrofida aylanayotgan bir payt zavodlarda haqiqiy inqilob boshlangan. Dunyo bo‘ylab ishlayotgan sanoat robotlari soni birinchi marta 5 milliondan oshdi, gumanoidlar esa hali prototip va sinov bosqichidan nariga o‘ta olgani yo‘q.
Xalqaro robototexnika federatsiyasi hisobotiga ko‘ra, 2025-yil sanoatdagi robotlari 9 foiz ko‘payib, 5,08 millionga yetgan. Yil davomida 603 000 yangi robot o‘rnatilgan. Bu avvalgi yilga nisbatan 11 foiz ko‘p. Eng yuqori o‘sish Osiyoda kuzatilgan: Xitoyning o‘zida 354 000 robot ishlab chiqarishga joriy etilgan: jahon ko‘rsatkichining 59 foizi. AQSH 38 500 yangi robot bilan Yaponiyani ortda qoldirib, dunyodagi ikkinchi yirik bozorga aylangan.

Gumanoid robotlar esa hozircha bu ko‘rsatkichdan ancha uzoq: o‘tgan yil sanoat va kasbiy maqsadda bor-yo‘g‘i 7 000 ta sotilgan, ayrim avtomobil kompaniyalari esa zavodlarida 10 tadan kam gumanoidni sinovdan o‘tkazmoqda.
“Boston Dynamics” jamoasining “Atlas” loyihasi hali keng miqyosda ishlab chiqarish bosqichiga o‘tmagan, “Tesla” rahbari Ilon Mask “Optimus” loyihasi asosida ommaviy ishlab chiqarishni kompaniya tarixidagi eng murakkab vazifa, deb atagan. Mutaxassislar zavod va omborlar kabi nazorat qilinadigan joylarda muayyan vazifaga moslashgan robotlar hozircha arzon va amaliy ekanini ta’kidlamoqda. Shu bois robototexnikadagi asosiy o‘sish hozircha odam qiyofasidagi mashinalarda emas, balki allaqachon ishlab turgan sanoat robotlarida kuzatilmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA