Ro‘yxatdan o‘tish yanada takomillashadi
Toshkent viloyati Zangiota tumani hokimligida “Yagona darcha” markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Uning taqdimotiga bag‘ishlangan amaliy seminarda huquqni muhofaza qilish, nazorat qiluvchi va sud organlari vakillari, tadbirkorlar ishtirok etdi.
Toshkent viloyati Zangiota tumani hokimligida “Yagona darcha” markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Uning taqdimotiga bag‘ishlangan amaliy seminarda huquqni muhofaza qilish, nazorat qiluvchi va sud organlari vakillari, tadbirkorlar ishtirok etdi.O‘zbekiston Respublikasi Adliya, Axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish vazirliklari, Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlash va xalqimiz farovonligini yuksaltirishda tobora katta ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbarining 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va 2015-yil 28-sentabrdagi “Tadbirkorlik subyektlariga “Yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida mazkur hujjatlar ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan manzilli dasturga muvofiq, muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, tadbirkorlik subyektlariga “Yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari shahar va tuman hokimliklari huzuridagi 193 tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatga olish inspeksiyalari negizida yaratiladi. Mazkur inspeksiyalarda tegishli o‘zgartirishlar joriy etilib, ularga aniq vazifa va majburiyatlar yuklatildi. Ular uchun elektron ma’lumot tizimi asosida boshqa davlat idoralari bilan hamkorlik qilish bo‘yicha aniq mexanizm ishlab chiqildi. Markazlarning barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida tegishli tartibda moliyalashtirildi. 2016-yilning 1-yanvaridan boshlab ular o‘z faoliyatini boshlaydi.
Ayni paytda “Yagona darcha” markazlarining aholi, tadbirkorlik subyektlari, davlat organlari bilan bog‘lanish bo‘yicha tartibini izohlab berish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlash va boshqa tegishli masalalar bo‘yicha vazifalar belgilangan tartibda bajarildi. Jumladan, 193 “Yagona darcha” markazi tegishli tartibda jihozlandi, mutaxassislar bilan ta’minlandi. Endilikda bir qator davlat xizmatlari faqat “Yagona darcha” markazlari orqali amalga oshiriladi.
– Markazda elektron navbat tizimi joriy etilishi, operator mijozni qabul qilib, tegishli hujjatlarni to‘ldirishga yordam berishi, ariza avtomatik tarzda tegishli davlat idorasi, muassasaga yo‘naltirilishi va unga javob ham shu markazning o‘zida taqdim etilishi biz, tadbirkorlar uchun nur ustiga nur bo‘ldi, – deydi “Master energy service” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Alisher G‘ofurov. – Yurtboshimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojiga to‘sqinlik qilayotgan g‘ovlarni bartaraf etishda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlardan minnatdormiz.
Seminarda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.