Rishtonda “Isteʼmolchilar uyi” qad rostladi
“Oʻqing va oʻrganing. Jiddiy kitoblarni oʻqing. Qolganini hayotni oʻzi tushuntirib beradi”
“Oʻqing va oʻrganing. Jiddiy kitoblarni oʻqing. Qolganini hayotni oʻzi tushuntirib beradi”
F.M. Dostoyevskiy
Kitob, adabiyot inson qalbini goʻzallikka chorlaydi, boshqalar anglay olmaydigan sakkizinchi moʻjizani his etishga sababchi boʻladi. Qachon yoshlar kitobga chin maʼnoda mehr qoʻyishi, oʻzi istab mutolaa qilishi mumkin? Qachonki kitob oʻqishga sharoit va imkoniyatlar yaratilsa...
Dunyoning rivojlangan mamlakatlariga borsangiz kitob doʻkonlari koʻpligiga guvoh boʻlasiz. Bundan tashqari xiyobonlar, umumiy ovqatlanish joylari, bekatlar, metro va boshqa aholi gavjum joylarda ham kitob oʻqishga sharoitlar yaratib qoʻyilgan. Demak, yigit-qizlarga kitob oʻqi, deya dashnom berishdan avval ularga sharoit yaratib berish lozim. Bugun faqatgina mutasaddi tashkilotlar emas, farzandlar taqdiriga befarq boʻlmagan har bir tashkilot va inson kitob oʻqish uchun sharoit va imkoniyatlar yaratishga harakat qilishi lozim.
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi joylarda “Isteʼmolchi kutubxonasi”, “Isteʼmolchilar uyi” loyihalarini amalga oshirish boʻyicha keng koʻlamli ishlarni rejalashtirib olgan. Kelgusida 40 dan oshiq tuman va shaharlarda bu kabi loyihalar amalga oshiriladi.
Ayni vaqtda esa Fargʻona viloyatining Bagʻdod, Dangʻara, Qoʻshtepa, Fargʻona tumanlarida mazkur loyihalar asosida qurilish ishlari olib borilmoqda. Federatsiya tizimidagi tashkilotlar ichida birinchi boʻlib, Oltiariq tumanida “Isteʼmolchi kutubxonasi” ishga tushirildi. Kutubxona bugungi kunda tuman aholisi, avvalo yoshlar uchun oʻzining xizmatlarini koʻrsatmoqda.
Fargʻona shahrida quriladigan “Isteʼmolchilar uyi” loyihalash-ekspertiza bosqichidan oʻtib, qurilish ishlarini boshlash arafasida turibdi.
Prezidentimizning Beshta muhim tashabbusni amalga oshirish doirasida Rishton tumanida amalga oshirilgan loyiha respublikamizda ikkinchi, loyihaning oʻziga xosligi boʻyicha respublikada birinchi deyishimiz mumkin. Sababi bu yerda “Isteʼmolchi kutubxonasi” bilan bir qatorda tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati maʼmuriy binosi ham qad koʻtardi.
Loyiha boʻyicha “Isteʼmolchi kutubxonasi” va jamiyat maʼmuriy binosi yaxlit “Isteʼmolchilar uyi” kompleksini tashkil qildi. Maqsad tuman jamiyatiga turli masalalarda tashrif buyurayotgan isteʼmolchilar, bu yerda nafaqat oʻzlarini qiynab turgan muammolari bilan murojaat qilishlari, bepul huquqiy maslahat olishlari, balki qoʻshimcha maʼnaviy ozuqa olishlari uchun ham sharoit hozirlanmoqda.
“Isteʼmolchilar uyi”ni ochilishida Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi J. Sarimsoqov ishtirok etdi.
Qilinayotgan saʼy-harakatlardan maqsad Vatan ravnaqi, yurt tinchligi uchun xizmat qiladigan qalb koʻzi ochiq, teran dunyoqarashli oʻgʻil-qizlarni voyaga yetkazishdir. Mustaqilligimizning 28 yilligi arafasida Rishtonda qad rostlagan “Isteʼmolchilar uyi” va “Isteʼmolchi kutubxonasi” tuman ahli uchu chin maʼnoda bayram tuhfasi boʻldi.





