Rishtonda hunarmandchilik markazi qurilmoqda
Fargʻonada milliy hunarmandchilikning mashhur brendlari bor.
Fargʻonada milliy hunarmandchilikning mashhur brendlari bor. Margʻilonning kamalakdek tovlanadigan atlas va adraslari, Rishtonning betakror kulolchilik sanʼati, Qoʻqonning yogʻoch oʻymakorligi va naqqoshlik maktablari dovrugʻini jahon ahli yaxshi biladi.
Oʻtgan yilda ilk bor Qoʻqon shahrida xalqaro hunarmandchilik festivali keng nishonlandi. Jahon hunarmandlar kengashi tomonidan shaharga “Jahon hunarmandlari shahri” degan yuksak unvon berildi. Yaʼni, Qoʻqon shahri dunyo hunarmandchilik xaritasida ham munosib va mustahkam oʻrin egalladi. Yuksak maqomga sazovor boʻlgan latif shahar bundan buyon har ikki yilda ushbu festivalga mezbonlik qiladi. Demak, endilikda milliy qadriyatlarimizni butun dunyoga tarannum etish, turizmni rivojlantirish, istiqbolli biznes-rejalarni roʻyobga chiqarishda hunarmandchilik Fargʻona brendiga aylanishi kerak.
Rishton tumanida boʻsh turgan bino oʻrnida 1,1 gektar yerda “Hunarmandchilik markazi” binosi qurilishiga tamal toshi qoʻyildi. Oʻziga xos “Kulollar shaharchasi”da 20 nafar kulol uchun maxsus ustaxona, doʻkonlar barpo etilishi rejalashtirilmoqda. Xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun majmua tarkibida mehmonxona qurilishi ham koʻzda tutilgan. Shu tariqa ushbu markazda 100 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.
Margʻilon shahrida esa birinchi qavatda ustaxonalar, ikkinchi qavatda turar-joylar boʻladigan Hunarmandlar majmuasi foydalanishga topshirilishi arafasida. Shuningdek, markazda ipak gilamlar va milliy matolar toʻqish yoʻlga qoʻyilib, muntazam ravishda milliy hamda xalqaro hunarmandchilik koʻrgazmalari tashkil etiladi. Qurilish ishlari yakuniga yetayotgan markazda 200 ta ish oʻrni yaratish moʻljallanmoqda.
–Ayni paytda 250 ta savdo rastasi boʻlgan 4 ming kvadrat metrdan iborat “Hunarmandlar bozori” tayyor holatga keltirildi, – deydi “Hunarmand” uyushmasi Fargʻona viloyati boshqarmasi boshligʻi Rasuljon Mirzaahmedov. – Bugungi kunga qadar markazda faoliyat olib borish istagida boʻlgan Margʻilon shahri, Qoʻshtepa va Toshloq tumani hunarmandlaridan kelib tushgan 450 dan ortiq arizalar asosida roʻyxat shakllantirildi.
Festivallar yurtiga aylanayotgan Margʻilon va Qoʻqon shaharlari hunarmandchilik Fargʻonaning oʻziga xos brendi boʻlishini taʼminlaydi.