Respublika pediatriya markazi ISO xalqaro sertifikatlariga ega bo‘ldi
Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish, bemorlar xavfsizligini ta’minlash, tibbiy turizmni rivojlantirish uchun tibbiyot muassasalari faoliyatiga xalqaro standartlarni joriy etish zarur. Davlatimiz rahbarining talabi ham shunday!
Ayni sababdan so‘nggi yillarda respublikamizdagi qator ixtisoslashtirilgan markazlar va tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bosqichma-bosqich o‘z faoliyatini xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirdi.
Ular safiga Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi ham qo‘shildi. Bugun ushbu muassasaga CERT International tashkiloti tomonidan ISO 9001:2015 va ISO 7101:2023 xalqaro sifat standartlarini joriy etganligi munosabati bilan maxsus sertifikatlar topshirildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Darhaqiqat, bunday e’tirofga erishish uchun markazda salmoqli ishlar bajarildi. Xususan, bu yerga eng so‘nggi rusumdagi tibbiy uskunalar, shu jumladan, noyob irsiy kasalliklarni skrining qilish uchun AQSHdan Perkin Elmer mass-spektrometr apparati keltirilgan.
Qolaversa, markazda eshitish qobiliyatidagi nuqsonlarni aniqlash hamda bartaraf etish maqsadida jajji bemorlarda koxlear implantatsiya, yuz nervining plastik mikroxirurgik operatsiyasi, yangi tug‘ilgan go‘daklarda audio-skrining, raqamli eshitish moslamalari yordamida reabilitatsiya tadbirlari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, muassasada har yili 5000 dan ziyod jarrohlik amaliyotlari bajarilib, ularning 80 foizdan ortig‘ini yuqori texnologik operatsiyalar tashkil etadi.
Ushbu yutuq markazda ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar xalqaro standartlarga to‘liq javob berishidan dalolat berib, muassasaning mintaqadagi pozitsiyasini mustahkamlash, ilmiy faoliyatni takomillashtirish hamda yangi diagnostika va davolash usullarini ishlab chiqish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi.
O‘zA