Respublika olimpiadasida buxorolik o‘quvchi g‘olib bo‘ldi
Joriy yilning 23-24 mart kunlari Al-Xorazmiy nomidagi matematika olimpiadasining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur bosqichda o‘z hududidan g‘olib bo‘lgan 6 nafardan jami 84 nafar, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish Agentligi tasarrufidagi maktablardan 18 nafar, jami 102 nafar o‘quvchi qatnashdi.
Ular orasida 6 nafar buxorolik iqtidorli o‘quvchi ham o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.
Olimpiadaning dastlabki kunida ishtirokchilar yozma ish topshiriqlarini bajargan bo‘lsa, keyingi kun test sinovlaridan o‘tdi.
Buxorolik yoshlar ushbu olimpiadada ham o‘z iqtidorlarini namoyish etib, g‘oliblik shohsupasidan o‘rin egalladi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, har ikkala bosqichdan yuqori ball to‘plagan Qorako‘l Xalqaro matematika maktabining 8-sinf o‘quvchisi O‘lmas Xudayberdiyev mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Ushbu maktabning yana ikki nafar o‘quvchisi – Yusuf Ortiqov va Mirsaid Raxmonqulov, Shofirkon tumanidagi 55-IDUM o‘quvchisi Mirshod Muxammedov faxrli 3-o‘rinni egalladi.
Zarif Komilov, O‘zA