Respublika ishchi guruhi Sirdaryoda
Aholi va tadbirkorlik sub’ektlari muammolarini o‘rganish hamda huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash sohasida Sirdaryo viloyatida "Adliya-mahalla-maktab" hamda "Adliya tadbirkorga ko‘makchi" loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha namunaviy tizim yaratish yuzasidan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Adliya vaziri A.Toshqulov boshchiligidagi ishchi guruh o‘z faoliyatini Xovos tumanidagi “Tinchlik” mahallasida sayyor qabul bilan boshladi. Tadbirda subsidiya olish, kadastr hujjatini rasmiylashtirish, ish haqini undirish, ishga joylashish, kommunal sohadagi muammolar yuzasidan 30 ga yaqin murojaatlar kelib tushdi.Shundan 20 murojaatga joyida zarur huquqiy tushuntirishlar berildi, o‘rganish muddat talab qiladigan murojaatlar ish yurituvga qabul qilinib, mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi hamda ijrosi nazoratga olindi.

Respublika ishchi guruhining navbatdagi uchrashuvi Xovos tumanidagi umuta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan Davlat huquqi va asoslari fani o‘qituvchilari bilan bo‘lib o‘tdi. Ishchi guruh rahbari, Adliya vaziri A.Toshqulov pedagoglar bilan muloqotga kirishar ekan, yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirishda ularning roli muhimligini ta’kidladi. Uchrashuvda ta’lim tizimidagi muammolar, sohani va huquq ta’limini yanada takomillashtirish yuzasidan taklif va fikr-mulohazalar tinglandi.

Xovos tumani aholisining 22 540 nafarini yoshlar tashkil qiladi. Aholi va tadbirkorlik sub’ektlari muammolarini o‘rganish hamda huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash sohasida Sirdaryo viloyatida "Adliya – mahalla – maktab" hamda "Adliya tadbirkorga ko‘makchi" loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha namunaviy tizimni yaratish yuzasidan Respublika ishchi guruhi xovoslik yoshlar bilan uchrashib, ularning maqsad va intilishlari, muammo va takliflari bilan yaqindan tanishdi. Tadbirda dastlab yoshlarning konstitutsion huquq va majburiyatlari, yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari haqida so‘z yuritildi.

Ochiq muloqot davomida tadbirkorlik, bandlik kabi masalalar yuzasidan yigit-qizlarning murojaatlari va muammoli masalalari tinglanib, murojaatlarni ijobiy hal etish uchun mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi hamda ijrosi nazoratga olindi.

Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish masalalari ustuvor vazifalardan biri sanaladi. Xo‘sh, sohani takomillashtirishga qaratilgan islohotlar ijrosi Sirdaryo viloyatida qay darajada bo‘y ko‘rsatmoqda? Bugun tizimda yechimini kutayotgan qanday muammolar bor?

Respublika ishchi guruhining Yangiyer shahar va Xovos tuman tibbiyot birlashmalari shifokorlari bilan muloqotida ayni shu mavzuda so‘z bordi. Uchrashuv mobaynida tizim xodimlari bilan o‘zaro fikr almashildi, ularning muammo va takliflari tinglandi. Shuningdek, tadbirda sog‘liqni saqlash tizimini korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish, tizimga ochiqlik va shaffoflik prinsiplarini joriy qilish masalalariga alohida urg‘u berildi.Yakunda ishtirokchilarga qonunchilikdagi yangiliklarga oid targ‘ibot qo‘llanmalari tarqatildi.
Shuhrat Suyarov,
O‘zA