Rektor va yoshlar uchrashuvi: taraqqiyotning kaliti ta’limda
Bugungi globallashayotgan, siyosiy, ma’naviy xatarlar ortib borayotgan davrda yoshlar tarbiyasiga e’tibor qaratish, ularni har jihatdan salohiyatli insonlar etib kamolga yetkazish mamlakatimizda ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan.
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida o‘tkazilgan “Rektor va talaba-yoshlar uchrashuvi”da ushbu masala muhokama qilindi.
Muloqot avvalida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Hamma eshiklarni ochadigan kalit ham – faqat va faqat ta’lim va tarbiyadir”, degan tashabbuslari bugun qanchalik dolzarb ahamiyatga egaligini xalqaro maydonda ro‘y berayotgan voqeliklar ko‘rsatib turgani, yoshlar ongini zaharlashga qaratilgan diniy radikalizm, internetga qaramlik, turli tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarning salbiy oqibatlari haqida muhim tushuntirishlar berildi.

Universitet rektori Rashid Matkarimov yurtimizda yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari hamda ushbu jarayonlarda barkamol avlod vakillarining faol ishtiroki va erishayotgan yutuqlari xususida atroflicha so‘z yuritdi.
Uchrashuvda mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, inson qadri va uning jamiyatdagi o‘rni to‘g‘risidagi ta’sirchan videorolik namoyish etildi.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan tadbirda talaba-yoshlarni qiynayotgan masalalar tinglandi. Bildirilgan taklif va mulohazalardan kelib chiqib, mutasaddilarga aniq vazifalar belgilandi. Bunday uchrashuvlarni muntazam tashkil etish bo‘yicha kelishib olindi.

Suhbat yakunida “Najot – ta’limda, najot – tarbiyada, najot – bilimda” tamoyili mamlakatimiz taraqqiyotining, xalqimiz farovonligining asosi ekanligi ta’kidlandi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA