Rektor Surxondaryo maktablarida suhbat o‘tkazmoqda
Xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish bugungi kunda eng dolzarb vazifalardan biriga aylangan.
Xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish bugungi kunda eng dolzarb vazifalardan biriga aylangan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida 23 avgust kuni ushbu masalaga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari, ularning kafedra va dekanatlarini maktablarga biriktirish alohida qayd etildi.
Bunda oliy ta’lim muassasalari salohiyatidan unumli foydalangan holda maktablarda ta’lim sifati va samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan edi.
Respublikamizning bir guruh vazirlik va idoralari mas’ul xodimlari, oliy ta’lim muassasalari rektorlari Surxondaryo viloyati maktablariga borib, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish, ta’lim sifati nazoratini kuchaytirish, tarbiya sohasida zamonaviy uslublarni qo‘llash ishlarini tashkillashtirishga yaqindan ko‘maklashishga kirishdilar. Ular viloyat maktablari va boshqa o‘quv dargohlarida ana shu muammolarni samarali hal etish, kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish yuzasidan interfaol suhbatlar o‘tkazmoqdalar.

O‘zbekiston Milliy universiteti rektori, professor Avazjon Marahimov Sherobod tumanidagi 29- va 2-maktablarda bir guruh pedagoglar bilan suhbatlashdi.
– Maktab hayot-mamot va kelajak masalasi ekan, uni samarali hal etishda barchamiz bir tan-u bir jon bo‘lib kurashmog‘imiz zarur, – dedi O‘zMU rektori. – Buning uchun maktablardagi kamchiliklarni tuzatish, ta’lim sifatini nazorat qilish uchun ota-onalar, keng jamoatchilikning ishtiroki ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratish lozim. “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan tamoyilga asoslangan holda yosh avlodni bolalikdan milliy g‘urur va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash uchun bahamjihatlik bilan kurashaveramiz. Davlatimiz rahbarining qat’iy sa’y-harakatlari bilan maktab o‘qituvchisini moddiy rag‘batlantirish, uning hayot sifati darajasini oshirish masalalari ijobiy hal etilayotgan ekan, har bir pedagog shunga yarasha faoliyat ko‘rsatishi darkor.
Yuzma-yuz muloqotlarda oiladagi ta’lim-tarbiya muhiti, ota-onalarning mas’uliyati va o‘qituvchilar bilan hamkorligi masalalari yuzasidan ham fikrlar bildirildi.
To‘lqin EShBEK,
O‘zMU Axborot xizmat rahbari