Rektor birinchi kurs talabalari bilan muloqot qildi
Andijon davlat tibbiyot instituti rektori Madaminjon Madazimov institutning birinchi bosqichiga qabul qilingan hamda talabalar turar joyiga joylashgan talabalar bilan uchrashib, muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida rektor yangi hayot bosqichiga qadam qo‘ygan yoshlarni institut talabasi bo‘lganliklari bilan muborakbod etib, ularning oldida turgan muhim vazifalar haqida so‘z yuritdi.
– Yangi o‘quv yili boshlanishi, ya’ni talabalikning ilk kunida qalbingizda qanday tuyg‘ular jo‘sh urayotganini anglash qiyin emas, – deydi institut rektori, professor Madaminjon Madazimov. – Bugungi kunni uzoq kutdingiz, ko‘p mehnat qildingiz, bilim oldingiz va imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tib, talabalik baxtiga erishdingiz. Endi oldingizda puxta bilim olib, yetuk mutaxassis bo‘lishdek yanada ulkan va mas’uliyatli yo‘l turibdi. Biz – ustozlar bu yo‘lda sizni hamisha qo‘llab-quvvatlaymiz.
Shuningdek, rektor talabalarga bundan buyon astoydil o‘qish, izlanish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallash, ustozlar tavsiyalariga amal qilish hamda tibbiyot sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lish uchun tinimsiz mehnat qilish va intilish zarurligini ta’kidladi.


Uchrashuv davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi, shuningdek, ularga institutdagi ta’lim jarayonlari, talabalar turar joyidagi sharoitlar va bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.


Ayni kunda Andijon davlat tibbiyot institutida 30 dan ortiq ixtisoslik yo‘nalishi bo‘yicha 12 ming nafarga yaqin talaba tahsil olmoqda. Ulardan 1,5 ming nafardan ortig‘ini xorijiy talabalar tashkil etadi. Joriy yilda institutning birinchi bosqichiga 1 448 nafar talaba qabul qilindi. Qabul qilinganlarning 350 nafarga yaqini talabalar turar joyiga joylashtirildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri