Regbi murabbiysi Xorazmda mahorat darslarini o‘tkazmoqda
Keyingi yillarda Xorazmlik regbichilar xalqaro va Respublika musobaqalarida munosib ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqda.
Jumladan, joriy yilning 11-12-aprel kunlari Malayziya davlatining Sandakan shahrida “Regbi-7” bo‘yicha erkaklar va ayollar jamoalari o‘rtasida an’anaviy “XXV Borneo Sevens -2026” xalqaro musobaqada mamlakatimiz ayollar terma jamoasi kumush, erkaklar jamoasi bronza medaliga sazovor bo‘ldi. E’tiborlisi, ikkala jamoamizning ushbu muvaffaqiyatiga ko‘plab xorazmlik regbi ustalari o‘zining munosib ulushini qo‘shdi.
Bu yutuqlarni yanada mustahkamlash, sportchilarimizning mahoratini yanada oshirish maqsadida ko‘plab olimpiada chempionlarini yetishtirgan, dunyoda regbi sportining mutlaq yetakchisi hisoblangan Fiji davlatidan xalqaro darajadagi tajribali murabbiy, Dakuitogo David Arnold Xorazm viloyatiga taklif qilindi.

Ayni kunlarda Fijilik yuqori malakali murabbiy vohalik yosh regbichilar hamda mahalliy murabbiylar uchun mahorat darslarini o‘tkazmoqda. Ushbu loyiha O‘zbekiston Respublikasi Milliy Olimpiya qo‘mitasining Xorazm viloyati hududiy bo‘linmasi tashabbusi va O‘zbekiston regbi federatsiyasi viloyat hududiy bo‘limi hamkorligida amalga oshirildi.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 19-sentabr – 4-oktabr kunlari Yaponiyada XX – Osiyo o‘yinlari o‘tkaziladi. “Ayti-Nagoya - 2026” dasturidan o‘rin olgan jamoaviy o‘yinlarda xorazmlik regbichilar ham qatnashadi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri