Referendumga hozirlik bo‘yicha mutasaddilar axborot berdi
O‘zbekiston Respublikasining Referendumini o‘tkazuvchi 9-Surxondaryo okrug komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. “O‘zbekiston Respublikasi Referendumi to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 20-moddasida okrug komissiyasi mahalliy davlat hokimiyati organlari vakillarining, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan axborotlarini tinglash belgilab qo‘yilgan.
Okrug komissiyasi raisi A.Xo‘jaqulov boshqarib borgan yig‘ilishda viloyat sog‘liqni saqlash, maktabgacha va maktab ta’limi, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmalari hamda “Surxondaryo hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati mutasaddilarining joriy yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan olib borayotgan ishlari yuzasidan axboroti tinglandi.

Okrug hududida referendum o‘tkazuvchi 860 ta uchastka mavjud. Ularning 685 tasi umumta’lim maktablarida, 58 tasi kollej, litsey va texnikumlarda, 13 tasi mahalla fuqarolar yig‘inlarida, 19 tasi tibbiyot muassasalari, sanatoriy va dam olish maskanlarida, 7 tasi oliy o‘quv yurti binolarida, 25 tasi davlatga qarashli korxona va tashkilotlarda, 33 tasi adliya, davlat xizmatlari, madaniyat va sport markazlarida, 16 tasi harbiy qism va ozodlikdan mahrum etish muassasalarida, 4 tasi tadbirkorlik sub’ektlari binolarida faoliyat yuritmoqda.
Yig‘ilishda dastlab viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Saidmurod Samatovning referendum o‘tkazuvchi uchastkalarda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, uchastkalarda tibbiyot xonalari hamda xodimlarining ajratilishi yuzasidan olib borilayotgan ishlari to‘g‘risidagi axboroti tinglandi.

– Viloyatda referendum o‘tkaziladigan uchastkalarda tashkil etilgan tibbiyot xonalari va tibbiyot burchaklari 19 turdagi tibbiy jihoz va 40 turdagi dori-darmon vositasi bilan ta’minlandi, – dedi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari S.Samatov. – Hududdagi har bir tuman, shahar tibbiyot birlashmalarining buyrug‘i bilan 1 nafar shifokor va 1 nafar hamshira biriktirilib, ularga uchastkalarda aholiga malakali tibbiy sanitariya yordamini ko‘rsatish, shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan holatlarda tezkor tibbiy yordamni tashkil etish vazifalari belgilab berildi.
Viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi buyrug‘i bilan boshqarmadan 15 nafar malakali mutaxassis tuman va shaharga biriktirildi. Shahar va tuman sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi har bir referendum o‘tkaziladigan uchastkaga bir nafardan mutaxassis jalb etildi. Viloyat maktab va maktabgacha ta’lim muassasasi boshlig‘i o‘rinbosari Zokir O‘tayevning axborotiga ko‘ra, okrug hududidagi saylov uchastkalarining 678 tasi maktab binolarida tashkil etilgan. Shu paytgacha referendum uchastkalari joylashgan 80 ta umumta’lim maktabning 16 ming 225 kvadrat-metr foye qismi, 3 ta umumta’lim maktabining pandus qismi ta’mirlandi. 139 ta maktabning yoritish chiroqlari yangilanib, 147 maktabning fasad qismi bo‘yaldi 13 ta maktabning kirish yo‘laklari ta’mirlanib, 37 ta maktabning sanitariya-gigiyena shoxobchasi yo‘laklari to‘g‘irlanib, qo‘l yuvish moslamalari o‘rnatildi.

Umumta’lim maktablarida tashkil etilishi rejalashtirilgan ikkita uchastka mazkur muassasalarda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilayotgani sababli boshqa binolarga ko‘chirilgan. Referendumga hozirlik ko‘rish jarayonida uchastkalarni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida “Surxondaryo hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati mas’ul xodimi Nazar Shaymatovning axboroti eshitildi.
– Okrug hududidagi referendum o‘tkazuvchi uchastkalarda elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar bo‘lmaydi, – dedi “Surxondaryo hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati mas’ul xodimi Nazar Shaymatov. – Ehtimoliy holatlarning oldini olish uchun hududlardagi referendum uchastkalari qo‘shimcha elektr manbai bilan jihozlandi.

Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasining axborotida referendum o‘tkazuvchi uchastkalarning yong‘in xavfsizligi holati va ularning o‘t o‘chirish moslamalari bilan ta’minlanish darajasi haqida so‘z yuritildi. Yong‘in xavfsizligi bo‘yicha tekshiruvlar chog‘ida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilib, mutasaddilarga tegishli chora ko‘rilayotgani qayd etildi.
Yig‘ilishda mutasaddilarning axborotlari atroflicha muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi. Shuningdek, okrug faoliyatiga oid boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA