Referendumda ovoz berish jarayoni yakunlandi
Bugun – 2023 yil 30 aprel kuni O‘zbekistonda muhim siyosiy tadbir – referendum bo‘lib o‘tdi. Ertalab soat 08.00 da boshlangan tadbir 20.00 da yakuniga yetdi.
Toshkent shahar Mirobod tumanidagi 131-refrendum uchastkasida 3 ming 371 nafar fuqaro ro‘yxatga olingan bo‘lsa, ularning 90 foizdan ortig‘i referendumda ishtirok etib, o‘z xohish-irodasini bildirdi.
Referendum uchastkasi raisi Shohida Imomovaning qayd etishicha, uchastkaga Tong yulduzi va Furqat mahallalari aholisi qamrab olindi. Aholi ovoz berishda faol ishtirok etdi.
Ovoz berish jarayonini siyosiy partiyalar vakillari, jamoatchilik hamda xalqaro kuzatuvchilar kuzatib bordi.
Uchastkaga kelish imkoni bo‘lmagan 42 nafar nuroniy va nogironligi bor shaxslarning xonadonlarida ovoz berishlariga sharoit yaratildi.
Uchastkada 20.00 da ovoz berish yakunlanib, referendum uchastkasi komissiyasi a’zolari yig‘ilgan ovozlarni sanashga kirishdi.
N.Abduraimova, O‘zA