Ravshan Ermatov yana tengsiz!
O‘zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov futbol olamining nufuzli mukofotlaridan biri – “Globe Soccer Awards – 2015” sovrinini qo‘lga kiritdi.
O‘zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov futbol olamining nufuzli mukofotlaridan biri – “Globe Soccer Awards – 2015” sovrinini qo‘lga kiritdi.Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida tashkil etilgan marosimda “Globe Soccer Awards – 2015”ning turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblari taqdirlandi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni, jumladan, futbolni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor o‘zining yuksak samaralarini berayotir. Keyingi yillarda mamlakatimizda ushbu sport turi tubdan isloh qilindi. Futbol bo‘yicha bolalar va o‘smirlar sport maktablari, ixtisoslashgan maktab-internatlari va futbol akademiyalari faoliyat ko‘rsatmoqda, jahon talablariga javob beradigan zamonaviy futbol stadionlari barpo etilmoqda, mavjudlari qayta rekonstruksiya qilinmoqda, xalqaro maydonda yurtimiz sharafini himoya qilishga qodir futbolchilarni tarbiyalash, malakali murabbiy va hakamlar tayyorlashni yanada kuchaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ana shunday e’tibor samarasida o‘zbek futboli katta yutuqlarga erishdi. Ravshan Ermatovning xalqaro sport maydonlarida qo‘lga kiritayotgan natijalari ham buning dalilidir.
2003-yildan buyon FIFA tasnifidagi musobaqalarni boshqarib kelayotgan R.Ermatov futbol bo‘yicha deyarli barcha nufuzli turnirlarda hakamlik qildi. O‘zbek o‘g‘loni 2008, 2009, 2010, 2011 va 2014-yillarda besh marotaba “Osiyoning eng yaxshi hakami” deb topildi. Xalqaro futbol uyushmalari federatsiyasi uni 2011-yilda “Jahonning eng yaxshi hakami” deb e’tirof etdi.
Hamyurtimizning 2010-yili Janubiy Afrika Respublikasi va 2014-yili Braziliyada o‘tkazilgan futbol bo‘yicha jahon chempionatlarida ketma-ket ishtirok etishi O‘zbekiston sportining ulkan yutug‘i bo‘ldi. 2010-yilgi chempionatning ochilish marosimi va to‘rtta uchrashuvni a’lo darajada boshqarib, dunyoga O‘zbekiston sportchilarining salohiyati va qudratini namoyon etgan o‘zbek hakami Braziliyadagi mundialda jami to‘rtta uchrashuvni muvaffaqiyatli boshqardi. R.Ermatov hakamlik faoliyati davomida jahon chempionatlari final bosqichida eng ko‘p – 9 uchrashuvni boshqarib, dunyo rekordini o‘rnatdi.
Ravshan Ermatov Prezidentimiz Islom Karimovning farmonlariga muvofiq 2010-yili “O‘zbekiston iftixori”, 2014-yili “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.