Ravon yo‘llar – obod manzillar sari eltadi
FOTOREPORTAJ
Tunda biz miriqib dam olayotganimizda, odamlarga qulaylik yaratish uchun kimdir bedor bo‘lib, o‘z xizmat vazifasini o‘tayotir. Shubhasiz, xayolimizga keladigan soha vakillari bu – harbiylar. Biroq, yana shunday kasb egalari ham borki, hudud rivoji, xalq farovonligi uchun tunda ham sidqidildan mehnat qiladi. Avtoyo‘llar tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlar ham xuddi shunday jonkuyar kasb egalaridan.
[gallery-21115]
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Surxondaryo viloyatida avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, hozirda Boysun tumanidagi Darband qishlog‘idan boshlanuvchi “Darband-Denov” yo‘nalishi bo‘yicha 4R105 avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish jarayonlari davom etayotgan bo‘lib, uzunligi 111 kilometr bo‘lgan ushbu yo‘l 2027 yilda foydalanishga topshiriladi. Uning qariyb 108 kilometrini sement-beton qoplama bilan rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Yirik loyihani amalga oshirish chog‘ida 26 ta ko‘prik, 2 ta yo‘l o‘tkazgich, 114 ta suv quvuri, ikkita avtotransport vositasining vazn va hajm parametrlarini qayd etuvchi nazorat posti barpo etiladi.
Uchta lot asosida amalga oshirilayotgan loyihaning qurilish-montaj ishlarini tender savdosi g‘olibi – Ozarbayjonning “Lankaran Yol Tikinti” aksiyadorlik jamiyati amalga oshirmoqda. Jarayonda 147,6 million AQSH dollari qiymatidagi yo‘l qurilishini bajarish uchun shartnoma imzolangan. Shu kungacha yo‘lsozlar 25,7 million AQSH dollarini o‘zlashtirib, 5,3 million metr-kub hajmdagi yer ishlari, 81,3 ming metr-kvadrat asfalt ko‘chirish, 5,3 kilometr muhandislik tarmoqlarini ko‘chirish ishlarini yakunladi. Loyihaning 28,6 kilometr qismida yer ishlari tugatilib, birinchi va ikkinchi qatlam tosh-shag‘al yotqizilgan. 6,6 kilometr masofadagi yo‘lda ishlar to‘liq yakunlanib, beton yotqizilmoqda.
Yirik hajmdagi bu ishlar vohaning transport infratuzilmasini rivojlantirib, yo‘lovchilarga qulay sharoit yaratadi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA