Rassomlar nigohidagi madaniy meros
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Toshkent Fotosuratlar uyida uyg‘ur rassomlarining “Madaniy meros” nomli badiiy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur ko‘rgazmada Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, AQSH singari xorijiy davlatlarda yashab, ijod qilayotgan 50 nafarga yaqin rassomning 100 dan ortiq asari namoyish etilmoqda.

Ko‘rgazma ekspozitsiyasida asosan turli davlatlarda yashayotgan uyg‘ur millatiga mansub ijodkorlarning rangtasvir asarlari namoyishga qo‘yilgan.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur, Amerika Qo‘shma Shtatlarining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Xenik, O‘zbekiston xalq rassomi Lekim Ibragimov va boshqalar mazkur ko‘rgazma millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik rishtalarini bog‘lashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Darhaqiqat, ko‘rgazmadan o‘rin olgan asarlarda tinchlik, hamjihatlik, yakdillik bugungi shiddatli globallashuv davrida ko‘pgina muammolarga yechim ekani aks ettirilgan. Zero, bu kabi ijodiy loyihalar turli millat va elatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik, do‘stlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ayni paytda ushbu ko‘rgazmada mo‘yqalam sohiblari madaniy meros haqidagi o‘z tasavvurlarini betakror tarzda badiiy ifoda etgani diqqatga sazovor.

N.Usmonova, O‘zA