Rassom Ahmad Isoyevdan tasviriy tuhfa
Toshkent Fotosuratlar uyida rassom Ahmad Isoyevning “EGOIST” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi.
Ahmad Isoyev 1988 yil 14 fevralda Samarqand viloyati Urgut shahrida tavallud topgan. Rassomning tasviriy san’atga bo‘lgan qiziqishi maktabdayoq boshlanib, bu ishtiyoq 2003-2006 yillarda Benkov nomidagi Respublika rassomlik kollejida o‘qishga yetaklagan.

Mazkur kollejda A.Isoyev O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi Fayzulla Ahmadaliyev rahbarligida ta’lim olib, kollejni a’lo baholarga bitirgan. O‘z kelajagini rangtasvir bilan bog‘lashga qaror qilgan rassom 2010 yili Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining “Dastgohli rangtasvir” bo‘limini O‘zbekiston Xalq rassomi, akademik Sobir Raxmetov va Toshmurodov Muhammadiyor kabi ustozlar rahbarligida tamomlagan.
Uning muvaffaqiyatlari talabalik yillaridayoq boshlangan. 2001 yilda Yaponiyada bo‘lib o‘tgan “Tabiatni asraylik” xalqaro tanlovida uchinchi o‘rinni egallagan. Rassom Samarqand shahrida tavallud topgani sabab ijodining ilk davrlaridayoq tarixiy obidalar va sharqona ruhiyatni tasvirlashga qiziqadi.

Ijod musavvir qalbiga xotirjamlik bag‘ishlaydi. Bugungi kunda musavvir o‘z iqtidori bilan yaratayotgan asarlari bilan ko‘plab san’at ixlosmandlari qalbidan joy olib kelmoqda.

Ijodkorning asarlari O‘zbekiston, AQSH, Angliya, Qirg‘iziston, Xitoy, Fransiya, Rossiya va Hindistondagi shaxsiy kolleksiyalarda saqlanadi.
Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan debyut shaxsiy ko‘rgazmada rassomning bugungi kunda dunyoda global bo‘lgan mavzular bilan o‘ziga xos yorqin ranglarda ishlangan chuqur ma’noga ega 40 dan ortiq asarlari tomoshabin e’tiboriga taqdim etilmoqda.
N.Usmonova,
O‘zA