Rasmiy statistika sohasi va Markaziy bank faoliyati takomillashtiriladi
“Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi qonunga bir qator muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, rasmiy statistika sohasidagi vakolatli davlat organining vazifa va vakolatlari aniqlashtirilmoqda.
“Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi qonunga bir qator muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, rasmiy statistika sohasidagi vakolatli davlat organining vazifa va vakolatlari aniqlashtirilmoqda.
Respublika statistika kengashining huquqiy maqomi mustahkamlanmoqda hamda statistika dasturlarini shakllantirish va tasdiqlash tartibi takomillashtirilmoqda.

Bu Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi majlisida dastlabki tarzda ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilgan.
Majlisda qonun rasmiy statistika sohasida amalga oshirilayotgan ma’muriy islohotlarning huquqiy asoslarini mustahkamlash, shuningdek, qonun hujjatlarini O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasining yangi huquqiy maqomiga muvofiqlashtirish maqsadida ishlab chiqilgani qayd etildi.

“O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan Markaziy bankning institutsional mustaqilligi yanada mustahkamlanmoqda. Mazkur qonunda tuzilmaning normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini takomillashtirish, moliyaviy barqarorlikka tahdid soluvchi xavflarga tezkor huquqiy choralar ko‘rish imkoniyatlarini kengaytirish nazarda tutilmoqda.

Markaziy bankning ayrim normativ-huquqiy hujjatlarini soddalashtirilgan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish mexanizmi joriy etilmoqda. Bu esa pul-kredit siyosati, bank nazorati, tavakkalchiliklarni boshqarish hamda to‘lov tizimlarini tartibga solish sohasida qabul qilinadigan qarorlarning tezkorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Qonun bilan Markaziy bank, uning hududiy bosh boshqarmalari va tasarrufidagi tashkilotlar faoliyatini tekshirish tartibi aniqlashtirilib, mazkur institutning mustaqilligi va parlament oldidagi hisobdorligi o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashga qaratilgan huquqiy mexanizmlar mustahkamlanmoqda.
Qonunlar yuzasidan bildirilgan fikr va takliflar asosida tegishli qarorlar qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA