RASMIY: Amudaryo suvi toshmaydi
Suv xoʻjaligi vazirligi Amudaryo bilan bogʻliq xabarga oydinlik kiritdi
Suv xoʻjaligi vazirligi Amudaryo bilan bogʻliq xabarga oydinlik kiritdi
Hozirgi kunda Amudaryoda suv toshqini yuz berishining umuman ehtimoli mavjud emas. Xususan, mazkur daryoning Oʻzbekiston hududiga kirib keladigan nuqtasidagi Termiz suv oʻlchash postida hozirda oʻrtacha 1300 metr kub/sek. suv oqib oʻtmoqda. Bu koʻrsatkich oʻrtacha koʻp yillik meʼyorga nisbatan 3-4 baravarga kamdir. Shuningdek, Amudaryoning Buxoro viloyatiga suv olish hududida joylashgan “Atamirat” suv oʻlchash postida ham bugungi kunda oʻrtacha 805 metr kub/sek. suv oqib oʻtayotgan boʻlib, koʻp yillik meʼyorga nisbatan 4 baravarga kamdir.
Amudaryoning asosiy irmogʻi boʻlgan Vaxsh daryosida joylashgan Tojikistonning “Nurek” suv ombori umumiy hajmi 10,5 milliard metr kub boʻlib, bugungi kunda mazkur suv omborida suv zaxirasi deyarli qolmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vaziri Sh.Hamroyev Amudaryodagi suv resurslariga bogʻliq vaziyatni Tojikiston Respublikasi suv va energetika vaziri Usmonzoda Usmonali bilan telefon orqali muhokama qildi. Muloqot chogʻida U.Usmonzoda Amudaryoda hech qanday toshqin boʻlishi mumkin emasligi va bunga biror-bir omil yoʻqligini taʼkidladi.
Amudaryoda suv koʻpayishi kuzatilmayotgani va suv toshqini yuz bermayotgani toʻgʻrisida kecha Amu-Buxoro irrigatsiya tizimi havza boshqarmasi boshligʻi Erkin Fayzullayev ham ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida taʼkidlab oʻtgan.
Bundan tashqari, Kaspiy dengizidan suv toshqini boʻlib, Oʻzbekiston hududiga, jumladan, Olot va Qorakoʻl tumanlarigacha yetib kelishi borasida tarqalgan mish-mishlar mutlaqo asossizdir. Chunki, xalqaro sathlar shkalasiga (Boltiq tizimiga) nisbatan Kaspiy dengizining suv sathi 27 metr pastda, Olot va Qorakoʻl tumanlarining yer sathi esa oʻrtacha 190 metr yuqorida joylashgan. Bundan koʻrinib turibdiki, Kaspiy dengizining suv sathi Olot va Qorakoʻl tumanlari yer sathidan oʻrtacha 217 metr pastda hamda 950 kilometr uzoqlikda hisoblanadi.
Suv xoʻjaligi vazirligi xalqimizga shuni katta ishonch bilan taʼkidlaydiki, Amudaryoda, qolaversa, Olot va Qorakoʻl tumanlarida hech qanday suv toshqini kuzatilmayapti va hozirgi sharoitda buning aslo ehtimoli ham mavjud emas. Shu sababli halqimizni turli mish-mishlarga va asossiz xabarlarga ishonmasliklarini soʻrab qolamiz.
Oʻzbekiston Respublikasi
Suv xoʻjaligi vazirligi Matbuot xizmati.