Raqobatni himoya qilishda xalqaro tajriba nega muhim?
Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning monopoliyaga qarshi kurashish organlari rahbarlarining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston nomidan Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Davlatov ishtirok etdi.
Yig‘ilishda jahon iqtisodiyotidagi o‘zgarishlar va raqamli iqtisodiyotning rivojlanishi raqobatni himoya qilish sohasida xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirishni talab etayotgani ta’kidlandi.
Shu nuqtai nazardan SHHT davlatlari o‘rtasida tajriba, ilg‘or amaliyot va raqobat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha axborot almashish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston delegatsiyasi mamlakatimizda raqobat muhitini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijalari haqida ma’lumot berdi.

Jumladan, davlat ishtirokidagi korxonalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 55 foizdan 30 foizgacha qisqargani qayd etildi. Shuningdek, raqobatga zid 2,3 mingta harakat bartaraf qilinib, qariyb 912 milliard so‘m mablag‘ iste’molchilar va tadbirkorlar manfaatiga qaytarilgan.
Birja savdolarida esa 344 ta manipulyatsiya holati aniqlanib, 105 milliard so‘m mablag‘ qaytarilgan. Raqobat muhitini raqamli nazorat qilish maqsadida «Fair Tech» tizimi joriy etilgani ham xalqaro ishtirokchilarga taqdim etildi.

Umuman, Dushanbe uchrashuvi SHHT davlatlari o‘rtasida raqobatni himoya qilish sohasidagi tajriba va axborot almashinuvini yanada kuchaytirishga qaratildi.
Yig‘ilish yakunida navbatdagi uchrashuvning sanasi va o‘tkazilish joyi hamda boshqa tashkiliy masalalar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Nigora Rahmonova, O‘zA