Raqobat qo‘mitasi tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi muammolarni ma’lum qildi
Raqobat qo‘mitasiga 2026-yil boshidan buyon tibbiyot xizmatlari va farmatsevtika sohasi bo‘yicha 900 dan ortiq murojaat kelib tushgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb ikki baravar ko‘pdir.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida iste’molchilar foydasiga 300 million so‘mdan ortiq mablag‘ qayta hisob-kitob qilinib, qaytarildi.
Qo‘mita tahlillariga ko‘ra, bugungi kunda xususiy tibbiy xizmatlar ko‘rsatish tartibining yagona va ochiq shakllanmagani, kosmetologiya sohasida tibbiy hamda jarrohlik amaliyotlarini bajarishda ayrim xodimlar tomonidan malaka talablariga to‘liq rioya etilmayotgani, kosmetologik muolajalarda qo‘llanilayotgan ba’zi tibbiy buyumlar va preparatlarning davlat ro‘yxatidan o‘tmagani, xususiy klinikalarda EKO muolajalari bo‘yicha iste’molchilarga yetarli va tushunarli ma’lumot berilmayotgani qayt etilgan. Shuningdek, muolajalarning ehtimoliy oqibatlari hamda o‘ziga xos jihatlari bemorlarga oldindan to‘liq tushuntirilmayotgani eng asosiy muammolar sifatida aniqlangan.
Mazkur holatlarning oldini olish maqsadida hududlarda tasdiqlangan reja-jadval asosida «sirli mijoz» tadbirlari o‘tkazilmoqda. Bu orqali tibbiyot xizmatlari va farmatsevtika sohasida iste’molchilar huquqlari buzilishining oldi olinib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi fuqarolarga tibbiyot va farmatsevtika sohasida huquqlari buzilgan hollarda Qo‘mitaga murojaat qilish mumkinligini eslatib, har bir murojaat qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishi va iste’molchilarning huquqlarini tiklash yuzasidan zarur choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.
Nigora Rahmonova, O‘zA