Raqobat qo‘mitasi tadbirkorlardan murojaat va takliflarni qabul qilmoqda
Davlatimiz rahbari topshiriqlari ijrosini ta’minlash, milliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar faoliyatini rivojlantirish maqsadida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu munosabat bilan, Qo‘mita milliy brend egalari bo‘lgan ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar faoliyatida uchrayotgan to‘siq hamda salbiy holatlar bo‘yicha murojaat va takliflarni qabul qilmoqda.
Jumladan, tadbirkorlar mahalliy mahsulotlarga nisbatan uchrayotgan insofsiz raqobat holatlari – demping narxlar qo‘llash, tovar belgisini qalbakilashtirish, milliy brendni obro‘sizlantirish va noto‘g‘ri taqqoslash, tijorat yoki fan-texnika, ishlab chiqarish va savdoga oid sirlarni egasining roziligisiz olish, foydalanish hamda oshkor etish, shuningdek, tovar yoki moliya bozoriga kirishga to‘sqinlik qilish kabi muammolar yuzasidan murojaat qilishlari mumkin.
Bundan tashqari, importdan keltirilgan kontrafakt mahsulotlar, faoliyat yuritishdagi turli byurokratik to‘siqlar, ichki va tashqi bozorlarga chiqishdagi qiyinchiliklar hamda sog‘lom raqobat muhitini cheklayotgan boshqa muammolar bo‘yicha ham murojaatlar qabul qilinadi.
Tadbirkorlar o‘z murojaat va takliflarini Qo‘mitaning rasmiy @rquzbot Telegram boti orqali yuborishlari mumkin.
Kelib tushgan barcha murojaatlar Raqobat qo‘mitasi tomonidan atroflicha o‘rganilib, aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralar ko‘riladi.
O‘zA