Raqamli transformatsiya sharoitida ta’lim oluvchilarni kasbga yo‘naltirish
Poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida joylashgan Toshkent muzeyida Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti tomonidan “Raqamli transformatsiya sharoitida ta’lim oluvchilarni kasbga yo‘naltirish: muammolar, yechimlar“ mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.

Bugungi kunda yosh avlodni kasb-hunarga to‘g‘ri yo‘naltirish, o‘quvchilarning salohiyati va qobiliyatini muttasil rivojlantirib borish g‘oyat dolzarbdir. Bu haqda Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti direktori, taniqli olim, akademik, pedagogika fanlari doktori Xolboy Ibragimov quyidagi fikrlarni bildirdi:
– Axborot miqdori shiddat bilan ortib borayotgan bugungi jamiyatda ta’lim oluvchilarning yangi bilimlarni tezda o‘zlashtirib olishi uchun o‘quv adabiyotlarining turli shakllaridan biri bo‘lgan raqamli ta’lim resurslaridan foydalanish g‘oyat muhim. O‘quv jarayoniga raqamli ta’lim resurslarini qo‘llash ta’lim oluvchilarda mustaqil va erkin fikrlash, olingan bilimlarni takomillashtirish, yangi bilimlarni turli ma’rifiy resurslar orqali izlab topish ko‘nikmalarini shakllantirishi kerak.
[gallery-20819]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 24 maydagi “Raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ta’limni raqamlashtirish bo‘yicha axborot tizimlari hamda elektron ta’lim resurslarini (kontent) yaratish vazifasi belgilangan. Bu esa o‘quv jarayoniga raqamli ta’lim resurslarini jalb etishni talab etadi.
Professional ta’lim muassasalaridagi o‘quv mashg‘ulotlarining ham raqamli texnologiya vositalaridan foydalangan holda tashkil etilishi ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi. Shu o‘rinda “Raqamli ta’lim kontenti nima? Raqamli ta’lim resursi deganda nimani tushunish kerak?” kabi savollar paydo bo‘lishi tabiiy.
Raqamli ta’lim resursi – bu aniq bir fanning barcha mavzularini qamrab olgan raqamli ta’lim kontentlari to‘plami. Raqamli ta’lim kontenti – bu fanning aniq bir mavzusi bo‘yicha o‘quv jarayonida foydalanish uchun mo‘ljallangan raqamli shaklda taqdim etilgan material bo‘lib, uning tarkibi ma’ruza matni, media materiallar (audio, video va animatsion materiallar), didaktik ko‘rgazmali materiallar (plakatlar), taqdimot materiallari, glossariy (atamalar lug‘ati), nazorat dasturlari (mustahkamlovchi savollar, amaliy topshiriqlar va test materiallari), mashq va masalalar to‘plami dars mazmunini to‘ldiruvchi materiallardan iborat bo‘ladi.
Mazkur muhit ta’lim jarayoni ishtirokchilarining funksiyalarini o‘zgartirishga olib keladi. Ta’kidlash kerakki, ta’lim jarayonining raqamlashtirilishi o‘qituvchilarning, bevosita professionallik jihatidan ularning kasbiy kompetentligini yanada rivojlantirishi, shuningdek, ularning funksiyalarini o‘zgartirishga olib kelmoqda. Xususan, talabalar auditoriyalarda bevosita o‘qituvchi rahbarligida guruhlar kesimida ta’lim olish jarayonidan raqamlashtirilgan ta’lim muhitida istalgan joyda va muddatda individual ta’lim olishga o‘tish kabi transformatsiya holatlari kuzatilmoqda.
Raqamli transformatsiya nainki boshqa ta’lim islohoti, balki ta’limning barcha darajalariga ta’sir ko‘rsatadigan ko‘p yillik ish dasturidir.
Raqamli texnologiyalar kelajakda ta’lim oluvchilarni, o‘quvchi va talabalarni o‘qitish sifatini tubdan yaxshilashga, ularning barcha zarur qobiliyatlarini shaklllantirishga, muammolarni hal etish uchun zarur barcha raqamli vositalar, materiallar va xizmatlardan faol foydalanish qobiliyatini shakllantirishga yordam beradi. Bu borada har bir fan bo‘yicha mutaxassis o‘qituvchilarning o‘ziga xos mas’uliyat bilan ishlashini taqozo etiladi. Mamlakatimizda professional ta’lim samaradorligini va sifatini oshirish, uning mazmunini takomillashtirish ko‘lami kengaymoqda. Ta’lim sifatini oshirish, ilmiy-uslubiy hamda o‘quv-metodik ta’minotning mazmun jihatidan mutlaqo yangi tizimini yaratish, zamonaviy talablarga javob beradigan yangi ta’lim muassasalarining barpo etilishi, mavjudlarining bugungi kun talabi asosida rekonstruksiya qilinishi, ularning eng zamonaviy axborot kommunikatsiya vositalari bilan ta’minlanishi, yangi avlod o‘quv adabiyotlari va pedagogik, axborot texnologiyalarining joriy etilishi professional ta’lim tizimida o‘quv mashg‘ulotlarini yuqori saviyada tashkil etish imkonini beradi.
Professional ta’lim tizimida xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik texnologiyalar bo‘yicha o‘quv jarayonini amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirish, o‘quv dasturlari va innovatsion o‘quv-uslubiy materiallarni keng joriy etish, o‘quv va ilmiy laboratoriya, o‘quv tajriba xo‘jaligi, ishlab chiqarish va qayta ishlash korxonalarida nazariy bilim hamda amaliyotning uyg‘unligini ta’minlash uchun zarur sharoit yaratish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Uzluksiz ta’limda professional ta’limning bosqichiga qarab, fanlarning o‘zaro aloqadorligi, o‘qitish vositalari, zamonaviy ta’lim metodlari orqali amalga oshirish talab etiladi. Kasbga qiziqtirish va yo‘naltirish orqali jamiyatning kasbga bo‘lgan ehtiyojini qondirish masalasi uzluksiz ta’lim tizimining natijasi sifatida samarali bo‘ladi. Bu esa raqamli texnologiyalar asrida o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi.
Professional ta’limda zamonaviy axborot texnologiyalari vositalari asosida yaratilgan o‘quv-uslubiy materiallar, shu jumladan, raqamli ta’lim resurslaridan foydalanishdan asosiy maqsad ilg‘or axborot-ta’lim uslublarini shakllantirish, zamonaviy axborot-pedagogik, axborot va kompyuter texnologiyalarini qo‘llash orqali ta’limning samaradorligi, sifati va unumdorligini oshirish, ularning ma’lum ma’noda kutubxonalarini tashkil etish, ta’limning masofadan o‘qitish shakllarini amalda joriy etishdan iboratdir.
“Raqamli transformatsiya sharoitida ta’lim oluvchilarni kasbga yo‘naltirish: muammolar, yechimlar“ mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi ham sohaga doir ilg‘or taklif va tashabbuslarni atroflicha muhokama etish va amaliyotga joriy etish yo‘llarini belgilab olishda muhimdir.
N.Usmonova yozib oldi, O‘zA