“Raqamli Toshkent”: istiqbol va rejalar
Toshkent shahar hokimligi tomonidan “Raqamli Toshkent”: istiqbol va rejalar” mavzuida matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda Prezidentimizning 2020 yil 17 martdagi “Toshkent shahrida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan “Raqamli Toshkent” kompleks dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Mazkur dastur doirasida 30 dan ortiq axborot tizimlarini yaratish hamda ularni yagona platformaga integratsiya qilish asosiy vazifa etib belgilangan. Ushbu vazifalar hokimlik ta’sischiligidagi Raqamli rivojlanish departamenti tomonidan amalga oshirilmoqda.
Ta’kidlanganidek, dastur doirasida telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha Toshkent shahridagi 316 ta maktab, 463 ta maktabgacha ta’lim, 167 ta sog‘liq saqlash muassasasi hamda 524 ta mahalla fuqarolar yig‘iniga optik tolali aloqa liniyalari tortildi va yuqori tezlikdagi internet xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratildi.
Shuningdek, “Yagona elektron tibbiy karta”, “Elektron poliklinika”, “Elektron retsept” hamda “Laboratoriya” axborot tizimlarini to‘liq ishga tushirish va ulardan samarali foydalanish, birinchi navbatda, poytaxtimizdagi barcha tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilash, zamonaviy kompyuter va boshqa texnika vositalari bilan ta’minlash maqsadida mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 9 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bugungi kunda xarid ishlari amalga oshirilmoqda.
- Bundan tashqari, xorijiy tajriba asosida Toshkent shahrining geografik axborot-tahlil tizimi (geoportal) yaratildi, — deydi Raqamli rivojlanish departamenti direktori o‘rinbosari Sherzod Nortojiyev. — Mazkur tizimga joylashtiriladigan ma’lumotlar, ya’ni shahar hududi bo‘yicha turli xil ko‘rinishdagi (qog‘oz, elektron) kartografik ma’lumotlar to‘planib, yagona standartga keltirildi va to‘liq raqamlashtirildi. bugungi kunda tizimga vazirlik va idoralarning 26 ta axborot tizimi va ma’lumotlar bazasi integratsiya qilindi. Mazkur geoportal orqali kelgusida ijtimoiy ob’ektlar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, yo‘llar qurilishi, transport oqimi, aholi zichligi va demografiyasi, yong‘inlar, yo‘l-transport hodisalari kabi ma’lumotlarni olish va ularni tahlil qilish imkoniyati yaratiladi.

Toshkent metropolitenida ham avvalgi jeton tangalar o‘rnini elektron to‘lov tizimlari egalladi. Avtoturargohlarning yagona reyestrini yaratish va ularda elektron to‘lov imkoniyatlarini joriy etish maqsadida “Poytaxt avto parking” MCHJ tomonidan bozor va yirik savdo markazlari hududidagi 37 dona avtoturargoh xatlovdan o‘tkazilib, ularning reyestri tuzildi. bugungi kunga qadar “Poytaxt avto parking” MCHJga Toshkent shahri bo‘yicha jami 17 ta avtoturargoh biriktirilib, shundan 10 tasida onlayn to‘lov qurilmalari ishga tushirildi.
Ayni paytda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi bilan hamkorlikda kommunal xizmatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni beruvchi hamda kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan elektron hamkorlikni ta’minlovchi “Mening uyim” yagona axborot tizimi ishlab chiqilmoqda. Tizim joriy yilning iyul oyida test tariqasida ishga tushirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Aholining muammolarini aniqlash va tahlil qilish, mahallalarning ijtimoiy-iqtisodiy holatini baholash mexanizmlarini joriy etish maqsadida “Mahalla” axborot tizimi ishlab chiqildi. Mazkur tizim dastlab Yashnobod tumanida sinov tariqasida, joriy yilning 1 avgustiga qadar qolgan tumanlarda joriy etilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, shaharda “Havoning sifati” axborot tizimini joriy etish loyihasi doirasida investitsiya mablag‘lari hisobiga 2 ta konteyner qurilmasi olib kelinib, Chilonzor va Yunusobod tumanlariga o‘rnatildi. Gidrometeorologiya xizmati tomonidan ushbu qurilmalar yordamida havoning sifati va ekologik muhit tahlil qilib borilmoqda.
Shu bilan birga, Davlat dasturi doirasida, shuningdek, boshqa vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda 10 dan ortiq axborot tizimlarini ishlab chiqish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda.
Matbuot anjumani doirasida jurnalistlar “Raqamli Toshkent” vaziyatlarni boshqarish markazi faoliyati bilan tanishdi.
Shahnoza MAMATUROPOVA,
O‘zA muxbiri