Raqamli texnologiyalar maktabiga press-tur
Bugungi shiddatli raqamlashtirish zamonida raqamli texnologiyalar bo‘yicha mutaxassislarga talab o‘sib bormoqda.
Ayni paytda har jabhada raqamli texnolgogiyalar xizmatiga ehtiyoj tug‘iladi. Shunday ekan, sohani yanada rivojlantirish zamon talabi hisoblanadi. Buning uchun, albatta, yetuk mutaxassislar zarur. School 21 raqamli texnologiyalar maktabi ayni muammoga mukammal yechim, deyish mumkin.
Maktabga uyushtirilgan press-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari yaratilgan sharoitlar, imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi.
Samarqandda 2023 yilning dekabr oyida tashkil qilingan School 21 maktabida IT sohasiga qiziquvchi yurtdoshlarimiz bilan birga qo‘shni mamlakatlarning ham 18 yoshdan oshgan fuqarolari kelajak kasbini bepul o‘rganishlari mumkin.
– Kelajak IT bilan ekanligi hech kimga sir emas, – deydi School 21 maktabi direktori Zarina Luxmanova. – Shu bois Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan mazkur loyiha amalga oshirilmoqda. Maqsad yurtimiz rivoji uchun zarur bo‘lgan IT mutaxassislarini tayyorlashdan iborat. Bizda belgilangan tartib bo‘yicha dastlabki sinov bosqichlaridan o‘tgan tinglovchilar asosiy ta’lim davomida C, C++, Java, Python, Go, SQL kabi IT tillarni o‘rganishadi. Shuningdek, DevOps vositalari bilan tanishishi, DT arxitekturasi, mobil ishlanmalar va IT sohasidagi boshqa yo‘nalishlar bilan shug‘ullanishi mumkin. Maktabda o‘qish uchun bu yo‘nalishda bilim, ish tajribasi, dasturlash qobiliyati yoki diplom mavjudligining ahamiyati yo‘q. Loyihada ishtirok etmoqchi bo‘lganlarda xohish bo‘lsa kifoya. Ayni paytgacha loyiha qatnashchilarining 50 foizdan ortig‘i uchun bu birinchi dasturlash tajribasi bo‘ldi.
Maktabda ta’lim olishning eng muhim jihatlaridan biri xohlovchilarga asosiy faoliyatlari, ya’ni o‘qish, ish va boshqa yumushlardan bo‘sh vaqtlarida ishtirok etish imkoniyati yaratilganligidir. Kampuslar 24/7 rejimida faoliyat yuritadi.
Har bir ishtirokchi o‘z maqsadlaridan kelib chiqqan holda individual ta’lim yo‘lini yaratadi. Maktabda backend, frontend, mobil ishlab chiqish, GameDev kabi ishlab chiqarish yo‘nalishlari mavjud. Shuningdek, kod yozish talab qilinmaydigan beshta yangi yo‘nalish, ya’ni kiberxavfsizlik, Data Science, tizim va biznes tahlili, DevOps va yuklangan xizmatlarning uzluksiz ishlashini ta’minlash hamda dasturiy ta’minotni sinovdan o‘tkazish (QA) tashkil qilingan. Bevosita IT sohasida faoliyat yuritayotganlar uchun tezlashtirilgan kurslar ham mavjud. Asosiy ta’lim ishtirokchilarning qobiliyati, salohiyati, o‘zlashtirish darajasiga qarab bir yarim yildan uch yilgacha davom etadi. Buni ularning o‘zi belgilaydi.
Maktab faoliyati bilan tanishish asnosida dars jarayoniga, ya’ni o‘qituvchining o‘quvchiga o‘rgatayotganiga guvoh bo‘lmadik. Bu maktabning boshqalardan farqli jihatlaridan biri ham shunda – “School 21”da murabbiylar, ma’ruzalar yoki baholash yo‘q. Maktabda amaliy loyihalar ustida individual yoki jamoaviy ish olib boriladigan “tengdosh tengdoshga” ta’lim uslubi joriy qilingan. O‘quv jarayoni raqamli ta’lim platformasida o‘tkaziladi. Bu o‘yin mexanikasiga asoslangan texnologik mahsulot bo‘lib, maktab metodologiyasini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga hamda ta’lim dasturlarini hozirgi bozor talablaridan kelib chiqqan holda tezda moslashtirishga imkon beradi.
[gallery-21307]
– Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialining 2-bosqich talabasiman, – deydi samarqandlik Mashrab To‘ychiyev. – Maktab tashkil qilingan paytdayoq birinchilardan bo‘lib tinglovchilar safiga qo‘shilganman. Bugungi kunda sohani o‘zlashtirish borasida o‘ninchi bosqichdaman. To‘g‘ri, boshida qiyin bo‘lgan. Tashlab ketish fikri ham tug‘ilgan. Ammo kelajak ushbu soha bilan chambarchas bog‘liq ekanini o‘ylab, o‘rganishni davom ettirdim. Natija kutganimdan ham a’lo bo‘ldi. Bir yil ichida o‘rganish barobarida qator loyihalar ustida ishlab, ming AQSH dollari atrofida daromad qilishga ham erishdim. IT mutaxassislari bugun ish izlamaydi, ish ularni izlab keladi. Shuning uchun yaratilgan imkoniyatdan samarali foydalanish va kelajak uchun mustahkam poydevor yaratish kerak, deb o‘ylayman. Kelgusida o‘qish va o‘rganishni davom ettirib, sun’iy intellekt yo‘nalishida ishlashni maqsad qilganman.
Har bir sohada raqamlashtirish jarayoni izchil davom etayotgan ayni paytda sohani o‘rganish barcha uchun zarur. Shuning uchun maktabda raqamli texnologiyalarni o‘rganayotgan tinglovchilar orasida turli soha vakillari mavjud. Bugungi kunda Toshkent shahrida ham School 21 faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari