Raqamli ta’lim: intellektual salohiyatli yoshlar safi ortmoqda
Mamlakatimizda “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish, IT ta’limini, axborot texnologiyalari sohasida mutaxassislarning bilim va malakasini oshirish, yoshlarni kasbga tayyorlash va yo‘naltirish tizimini rivojlantirishga qaratilgan qator loyihalar samarali amalga oshirilmoqda. Bu borada Andijon viloyatida olib borilayotgan ishlarni alohida e’tirof etish lozim.
– Viloyatimizda raqamli ta’limni rivojlantirish bo‘yicha belgilangan ishlar tizimli va reja asosida olib borilmoqda, – deydi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi Andijon viloyati bo‘limi bosh mutaxassisi Sherzodbek Madaminjonov. – Mazkur yo‘nalishdagi ishlar «Besh million sun’iy intellekt yetakchilari» loyihasi, “Raqamlashtirish orqali farovonlik sari” dasturi, yoshlar va davlat xizmatchilarini xalqaro IT sertifikatga o‘qitish platformasi orqali amalga oshirilmoqda. Xususan, Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “5 million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi doirasida mamlakatimizda 2030-yilga qadar jami 5 million nafar maktab o‘quvchilari, talabalar, o‘qituvchi hamda davlat xizmatchilarini o‘qitish ko‘zda tutilgan.


Loyiha doirasidagi “aileaders.uz” platformasi orqali aholi va yoshlarning sun’iy intellekt va axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida bepul onlayn o‘quv kurslariga jalb etish, raqamli savodxonlik darajasini oshirish, sun’iy intellekt sohasida mustaqil bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishini ta’minlash, ularni zamonaviy va yuqori daromadli kasblarga yo‘naltirish hamda O‘zbekistonda sun’iy intellekt bo‘yicha raqobatbardosh kadrlarni shakllantirish maqsad qilingan.
Joriy yilning may oyida loyiha doirasida yuqori natijalarga erishgan andijonlik 96 nafar ishtirokchi “Milliy tanlov” g‘olibi sifatida munosib rag‘batlantirildi.


Viloyatda mazkur loyiha doirasida Raqamli texnologiyalar vazirligi Andijon viloyati hududiy sho‘’basi, Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi Andijon viloyati bo‘limi tomonidan tuman, shahar hokimliklari, oliy va professional ta’lim muassasalari hamda umumta’lim maktablari bilan hamkorlikda hududlarda loyihaning ahamiyati, uning maqsad va vazifalari yuzasidan targ‘ibot tadbirlari, uchrashuv va taqdimotlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Joriy yilning 1- yarmida “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasiga Andijon viloyatidan jami 374 ming nafar foydalanuvchi qamrab olindi, shundan “aileaders.uz” platformasi orqali “AISTUDY” kurslarida 310 ming nafar va “COURSERA” kurslarida 64 ming nafar maktab o‘quvchisi, shuningdek, talaba, o‘qituvchi hamda davlat xizmatchilari sun’iy intellekt kurslarida tahsil oldi. IT Park Uzbekistan Andijon filialida ham 20 ga yaqin IT yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etilgan. Ayni kunda mazkur kurslarda 350 nafardan ziyod yoshlar tahsil olmoqda.
Davlat xizmatchilari, tashkilot, muassasalarning rahbar va xodimlarini sun’iy intellekt yo‘nalishida o‘qitish bo‘yicha ham qator ishlar olib borildi. Jumladan, viloyatdagi 16 ta tuman, shahar hokimlari, ularning o‘rinbosarlari, shuningdek, tashkilot va muassasalarning 5,5 ming nafar rahbar va xodimlari sun’iy intellekt yo‘nalishida o‘qib, bilim va malaka oshirdi.
“Raqamlashtirish orqali farovonlik sari” dasturi asosida ijtimoiy reyestrga kiritilgan yoshlarni axborot texnologiyalari sohasida zamonaviy kasblarga o‘qitish bo‘yicha ham bepul kurslar tashkil etildi. Joriy yilning o‘tgan davrida 4,5 ming nafardan ziyod reyestiga kiritilgan yoshlar itstudy.uz platformasi orqali onlayn kurslarda o‘qitildi. Yoshlar va davlat xizmatchilarini xalqaro IT sertifikatga o‘qitish platformasi doirasida 300 nafardan ziyod yoshlar tahsil olib, xalqaro IT sertifikatga ega bo‘ldi.
Viloyatda IT sohasida muvaffaqiyatga erishgan va tajribali mutaxassislarni jalb etgan holda talaba va yoshlarni zamonaviy kasblarga qiziqtirish, ularga axborot texnologiyalari sohasida xalqaro tajriba va ko‘nikmalarni yetkazish, muvaffaqiyatga erishish sirlarini o‘rgatish maqsadida “MEET UP” yo‘nalishida 40 yaqin uchrashuv, taqdimot va turli tadbirlar o‘tkazildi.
Andijon shahridagi “Digital City” texnoparkida axborot texnologiyalari sohasiga qiziqadigan xotin-qizlar uchun “GAP Ayollar IT-klubi” loyihasi doirasida qator seminar-trening va amaliy uchrashuvlar o‘tkazildi. Mazkur loyiha ayol-qizlarning zamonaviy kasblar, raqamli texnologiyalar va innovatsion yo‘nalishlar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularning kasbiy rivojlanishi va bandligini ta’minlashga yordam bermoqda.
– Men loyiha doirasida tashkil etilgan tadbirda axborot texnologiyalari sohasiga qiziqadigan xotin-qizlarga o‘z faoliyatim, faoliyatimning samarali olib borishda axborot texnologiyalarining o‘rni, roli, ulardan samarali foydalanish bo‘yicha tajribalarimni gapirib berdim, – deydi Andijon shahridagi ingliz tiliga ixtisoslashgan “ENGLISH LIFE” xususiy maktabi ta’sischisi Nilufar Nuraliyeva. – Bundan ko‘plab ishtirokchilar xursand bo‘ldi, IT sohasi imkoniyatlari naqadar keng ekanligiga ishonch hosil qildilar.
Joriy yil aprel oyida Andijon davlat universitetida informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchilari uchun “INFOTEACH – 2026” respublika forumi o‘tkazildi. Mazkur forumda yurtimizning turli viloyatlaridan tashrif buyurgan 400 nafarga yaqin pedagog ishtirok etdi.


Seminar mashg‘ulotlariga Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi tomonidan ishlab chiqilgan dastur asosida tajribali spiker hamda sohaning tajribali mutaxassislari jalb etildi. Ular tomonidan seminar-trening ishtirokchilariga IT sohasida zarur bilim va ko‘nikmalar berildi.
Xonobod shahrida barpo etilgan "IT shaharcha” yoshlar axborot texnologiyalar markazining foydalanishga topshirilganligi ham shahar yoshlariga IT sohasi bo‘yicha ta’lim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirdi.
"IT shaharcha” markazida bir yilda 400 nafardan ortiq yoshlar tahsil oladi. Eng asosiysi, mazkur loyiha doirasida 5–11-sinf o‘quvchilari raqamli texnologiyalar hamda xorijiy tillar bo‘yicha boshlang‘ich bilimlarni bepul egallash imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Bir so‘z bilan aytganda, viloyatda raqamli ta’limni rivojlantirishga qaratilgan ishlar tizimli olib borilmoqda, qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu, albatta, o‘zining ijobiy samaralarini beradi. Kelgusida viloyatda IT sohasini yaxshi biladigan, yuqori intellektual salohiyatga ega yoshlar, fuqarolar safi yanada ortadi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri