Raqamli platformalar orqali jamiyatda jamoatchilik ishtirokini kengaytirishga oid amaliy choralar belgilandi
O‘zbekiston fuqarolik jamiyati vakillari uchun Riga shahrida “Yozgi maktab” o‘quv dasturi tashkil etildi.
Mazkur mamlakatning fuqarolik jamiyati institutlarini faollashtirish hamda davlat organlari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ilg‘or tajribasi o‘rganildi.
Latviyada 2024-yil holatiga ko‘ra, 26 ming 423 nodavlat notijorat tashkiloti (NNT) ro‘yxatga olingan. Aholining qariyb besh foizi volontyorlik faoliyatida ishtirok etadi.

Besh kun davomida Latviyaning mas’ul idora va tashkilotlari bilan 10 dan ortiq samarali uchrashuvlar, taqdimotlar va muloqotlar tashkil etildi.
Latviya tajribasiga ko‘ra, Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish byurosi huzurida NNT vakillaridan iborat Jamoatchilik maslahat kengashi tashkil etilgan.
Jamiyat integratsiyasi jamg‘armasi tomonidan fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yiliga o‘rtacha 20 dan ortiq grant dasturlari e’lon qilinadi.

Davlat xaridlari va yirik loyihalarni amalga oshirishda buyurtmachi, tender ishtirokchilari va mustaqil jamoatchilik kuzatuvchilari o‘rtasida kelishuv mexanizmi sifatida “Halollik paktlari” joriy etilgan.
O‘quv dasturi davomida orttirilgan bilim va tajribalar asosida O‘zbekiston fuqarolik jamiyati institutlari vakillari tomonidan milliy amaliyotga fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlari joriy etiladi.
Raqamli platformalar orqali jamoatchilik ishtirokini kengaytirish hamda hududlarda NNTlar faolligini oshirish bo‘yicha amaliy choralar belgilab olindi.
N.Abduraimova,
O‘zA