Raqamli jamoat joyida boʻlish qoidalarini belgilash vaqti keldi...
Internet kashf etilganidan keyin raqamli maydonda yaxshi va yomon, foydali va foydasiz, toza va iflos narsalar, qadriyat va illat, odob va odobsizlik - bari aralashib ketdi, misli saranjom-sarishta joy axlatxona bilan aralashib-oʻralashib ketganday...
Internet kashf etilganidan keyin raqamli maydonda yaxshi va yomon, foydali va foydasiz, toza va iflos narsalar, qadriyat va illat, odob va odobsizlik - bari aralashib ketdi, misli saranjom-sarishta joy axlatxona bilan aralashib-oʻralashib ketganday...
Bu maydonda erkinlik shiorlari ostida va zamonaviylik niqobi bilan yovvoyilik, stixiyali, anarxiya holatiga yaqin vaziyat yuzaga kelib, tobora murakkablashib bormoqda. Shunday ketaversa, hozirgi holat – hali bu holva... Mayli, ehtiroslarni qoʻyib turaylik-da, birozgina tahlil qilishga urinib koʻraylik.
Texnika-texnologiya rivojlangani sari inson imkoniyatlari doirasi kengayib boradi. Bunda aksariyatimiz oʻylaymizki, erkinligimiz ham shuncha kengayadi deb... Aslida globallashgan-raqamlashgan dunyoda xavf-xatarlar shuncha oshadi. Taraqqiylashganimiz sari qonun-qoidalar bilan tartibga solinishi kerak boʻlgan sohalar, narsalar, munosabatlar, harakatlar, faoliyat turlari soni oshadi... Bundan 30-40 yil oldin rulda oʻtirganda telefonda gaplashish mumkin emas degan qoida gʻalati tuyulgan boʻlar edi, chunki qoʻl telefonlari boʻlmagan... Qoʻl telefonlari ommalashgandan keyin Yoʻl harakati qoidalariga tegishli norma kiritildi. Koʻchada piyoda ketayotganda ham qoʻl telefondan, “naushnik”lardan foydalanish qoidalarini joriy etishda kechikdik... Bir necha fojialardan - odamlar “naushnik”da qoʻshiq eshitayotib tramvay tagiga tushgandan keyingina esimizga tushdi...
Insoniyat internetni kashf qilibdimi, unda pornografiya va boshqa salbiy axborotni joylashtirishga hech kimning haqqi yoʻq! Globallashuv davrida xuddi atom energiyasidan foydalanish global tarzda tartibda solingani kabi internet ham global tarzda tartibga solinishi lozim!
Qonunchilikda “jamoat joylari” degan tushuncha qoʻllaniladi, lekin bu tushuncha alohida maxsus taʼrif berilmasdan muayyan huquq va majburiyatlar haqida soʻz yuritilganda jamoat joylari turlarini sanab oʻtish tarzida ifodalanadi.
Bu tushuncha haqida koʻp oʻylab, kamina shunday xulosaga keldim: inson shaxsiy uy-katagidan boshqa hamma joy - jamoat joyi... Uyingiz (kvartirangiz) eshigini yopib yoʻlakka (podyezdga) qadam tashladingizmi – jamoat joyidasiz! Muayyan qonun-qoidalarga rioya etishingiz shart. Hatto jamoat joyi boʻlmagan oʻz uyingizda ham hamma vaqt istaganingizni qila olmaysiz! Masalan, koʻp kvartirali uyda yashasangiz, soat 23.00 dan keyin uxlayotgan qoʻshnilaringizning tinchini buzadigan baland ovozda musiqa eshitishingiz mumkin emas... Buning uchun Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 192-moddasida jarimaga tortish shaklida jazo chorasi belgilangan.
Internet yaratilishi bilan raqamli jamoat joylari – saytlar, ijtimoiy tarmoqlar (feysbuk, telegram, tvitter, instagramm va h.k.) shakllandi. Ammo raqamli maydon ham har kim istaganini joylashtirishi, yozishi, koʻrsatishi, gapirishi mumkin boʻlgan joy emasligi koʻpchilik tomonidan anglab yetilgani yoʻq. Qonunchilik ham bu borada ancha orqada qolib ketdi...
Raqamli jamoat joylari – axborot va muloqot maydoni, unda boʻlish qoidalari belgilanishi zarur. Bunda tushunchalarni toʻgʻri talqin qilish, ularni chalkashtirmaslik muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, senzura va nazorat alohida-alohida tushunchalardir. Senzura – axborotni tarqatishdan oldin maxsus tekshirish, u tariximizda qolib ketdi, uni hech kim tiklay olmaydi va bunga hojat ham yoʻq. Nazorat esa jamiyat barcha aʼzolari umumiy manfaatlarini taʼminlash vositasi boʻlib har jabhada zarur. Bunday vositasiz insoniyat maxluqqa aylanadi-qoʻyadi...
Tarqatilgan axborotning raqamli jamoat joylarida boʻlish qoidalariga muvofiqligi borasida nazorat qilish – bu senzura emas, chunki axborot allaqachon tarqatilib, manziliga yetgan, “effektini” bergan. U keyinchalik olib tashlanganda ham saqlab qolish imkoniyatlari koʻp.
Binobarin, raqamli jamoat joylarida professional yoki noprofessional faoliyat yuritishda zararli, jamoatchilikda nosogʻlom kayfiyat uygʻotuvchi axborot tarqatilishi oldini oluvchi, shaxslar daxlsizligini taʼminlashga qaratilgan qoidalarni belgilash zarur. Bunda har bir shaxs raqamli jamoat joyida boʻlishda, masalan, oʻz telegram kanalini ochib axborot tarqatishda erkin boʻlib, ayni vaqtda muayyan majburiyatlarni oʻz zimmasiga olishi lozim.
Hayotiy misol. Professional jurnalistlarimizdan biri shu kunlarda jamoatchilik orasida qizgʻin muhokamalarga sabab boʻlayotgan sud jarayoniga taalluqli axborotni oʻz telegram kanalida oʻquvchilariga murojaat sifatida ertalabdan quyidagi mazmunda yozadi: “... men sudga ketyapman.... Bugun sud ishni yopiq tarzda koʻrishga oʻtishi mumkin,... maxfiy hujjatlar taqdim etilgan.... Sizning fikringiz qanday?”. Kun boʻyi hazilu-haqoratlar bilan oʻquvchilar oʻz “komment”larini yozishadi...
Kechga tomon maʼlum boʻladiki, sud ochiq tarzda boshlanib, keyinchalik yopiq tarzda davom etadi. Aslida sud ishida, ayniqsa unda davlat idoralari ishtirok etganda, bu tabiiy hol. Qanday boʻlmasin, bu holatda jurnalist poda oʻtmasdan chang chiqarib, nosogʻlom, ehtirosli muhokamalarga sababchi boʻlgan.
Fikrimizcha, raqamli jamoat joyidagi kanal, sahifa egasi oʻz oʻquvchilarining fikrlari mazmuni va shakliga befarq boʻlmasligi kerak va uning bu borada masʼuliyati qonun bilan belgilanishi lozim. Afsuski, maqolalari-yu koʻrsatuvlarida mahoratli professional sifatida oʻzini namoyon etayotgan jurnalistlarimizning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari koʻplab imlo xato, til qoidalariga rioya qilmasdan, uyatli soʻzlar, haqoratlar bilan yozilgan “komment”larga toʻlgan hollar uchrab turibdi.
Saytlar va ijtimoiy tarmoqlar shov-shuvli axborotga juda oʻch. Tushunarli, shunday axborot tufayli ular koʻp oʻqiladi, reytingini oshiradi, qolaversa daromad topishadi. Ammo, amaliyotning koʻrsatishicha shov-shuvli axborot aksariyat hollarda noxush, favqulodda, gʻayrioddiy voqealar, jinoyatlar, baxtsiz hodisalar haqida boʻlib chiqadi... Qarangki, bunday axborot eng koʻp oʻqiladi. Har bir saytda birinchi sahifada “Eng koʻp oʻqilgan” materiallar roʻyxati turadi.
Ayni damda shu satrlar yozilayotgan paytda OʻzA saytida “Oʻzbekistonda elektr yetib bormagan, “solyarka” tutatib 19 asr sharoitida yashayotgan qishloq topildi” materiali “peshqadam” boʻlib turibdi, kun.uz da “Sobiq ittifoq respublikalari orasida aholisi eng kambagʻali maʼlum boʻldi” materiali birinchi oʻrinda, daryo.uz da «Zarina Nizomiddinova Moskvada nima ish qilayotgani hamda turmush oʻrtogʻi haqidagi savollarga javob berdi” materiali birinchi, sarlavhasi "falonchiyeva ...homiladormi?» soʻzlari bilan tugaydigan material ikkinchi oʻrinda turibdi va h.k.
Ushbu materiallarni mazmun jihatidan shu darajada dolzarb va ahamiyatli deb boʻlmaydi. Fikrimcha, har bir sayt mutasaddilari eng koʻp oʻqilgan materiallar statistikasini oʻzlari uchun - oʻz ichki axboroti sifatida yuritishi kerak. Har bir material necha marta oʻqilgani sarlavha tagida yozilib turadiku! Shuning oʻzi yetarli emasmi? Shov-shuvli materiallarni yana alohida koʻz-koʻz qilish inson ruhiyatiga salbiy taʼsir qilmaydimi? “Informatsion oshqozonni” aynitmaydimi? Bunga ne hojat?
Raqamli jamoat joylarida bir mavzu borki, unga aksariyat saytlar va ijtimoiy tarmoq kanallari egalari alohida “mehr” qoʻyishgan – bu shou-biznes mavzusi. Unga alohida rukn ajratiladi. Lekin gap shundaki, bu rukn materiallarida yuqorida qayd etganimizdek hamma narsa aralashib qolgan. Mayli, qoʻshiqchilik, aktyorlik, kinochilik kabi faoliyat turlarini “shou-biznes” deb nomlaylik. Lekin, “shou-biznes” ruknida beriladigan materiallarning aksariyati kim kimga uylandi-yu, kim kim bilan ajrashdi, kim qayerda hordiq chiqardi-yu kim kim bilan janjallashdi, kim kimdan farzand koʻrdi va h.k.
Fikrimizcha, qonunchiligimizda “shou-biznes” deb nomlangan faoliyat turlarini yuritishni tartibga solish bilan birga ushbu soha tushunchalarini ham aniqlashtirib olish va uni axborot vositalarida yoritish qoidalarini ham belgilash vaqti allaqachon yetilgan (bu borada muallifning takliflari “Shou biznes va maʼnaviyat”, “Reklama va maʼnaviyat” nomli maqolalarda eʼlon qilingan[1]). Ayrim “mashhur” kishilarning shaxsiy hayoti voqealarini biznes turi bilan chalkashtirmaylik.
Va umuman hamma joyda – anʼanaviy jamoat joylarida ham, raqamli jamoat joylarida ham madaniyatli inson boʻlishga harakat qilaylik.
Farhod QURBONBOYEV,
Iqtisod fanlari nomzodi