Raqamli dunyoda yolg‘on axborotga qarshi kurashish muammolari
Bugun tobora raqamlashib borayotgan media makon ommaviy axborot vositalari xodimlari oldiga yangi-yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Bunday shiddatli media taraqqiyoti jarayonida oqni qoradan ajratib olish, har bir ma’lumotning xolis va haqqoniy ekaniga ishonch hosil qilish jurnalistlardan katta bilim, mas’uliyat talab etmoqda. O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan “Raqamli dunyoda yolg‘on axborotga qarshi kurashish muammolari” mavzusidagi davra suhbatida shular haqda so‘z yuritildi.
Mazkur tadbir raqamli axborot makonida dezinformatsiya va yolg‘on axborotlarning tobora kuchayib borayotgan tahdidlariga qarshi kurashish, media savodxonlikni rivojlantirish, axborot xavfsizligini ta’minlash hamda xalqaro tajribalarni muhokama qilishga bag‘ishlandi.
Davra suhbatida milliy va xalqaro media ekspertlari, olimlar, jurnalistlar hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi, taniqli ijodkor Shuhrat Oripov jamiyatimizda so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarini faol qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari faoliyatining ochiqligini kengaytirish, axborot sohasini raqamlashtirish va zamonaviy media makonni shakllantirish borasida mamlakatimizda e’tiborga molik ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga bugun shiddat bilan o‘zgarib borayotgan raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt har jabhaga faol kirib borayotgan bir davrda jurnalistlar yanada katta mahorat, mas’uliyat, kasbiy professionalizm bilan o‘z faoliyatiga yondashishi muhim ekani alohida e’tirof etildi.
Darhaqiqat, raqamli dunyoda soxta axborotlar tez tarqalishi sababli, ularning haqqoniyligini qisqa vaqt ichida tekshirish eng dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Zamonaviy algoritmlar va sun’iy intellekt texnologiyalari yolg‘on xabarlarni aniqlashda yordam bersa-da, ular doim ham manipulyatsiya qilingan kontentni to‘liq farqlay olmaydi. Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlar oqimining haddan tashqari ko‘pligi foydalanuvchilar uchun faktlarni mustaqil tahlil qilishni qiyinlashtirmoqda. Yolg‘on axborotga qarshi kurashishda so‘z erkinligi huquqini buzmaslik talab etiladi. Ko‘plab davlatlar va xalqaro tashkilotlar raqamli makonda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida huquqiy me’yorlar va qonunchilik bazasini takomillashtirish ustida ish olib bormoqda. Axborot madaniyati va mediasavodxonlikni oshirish jamiyatda soxta yangiliklarga nisbatan immunitetni shakllantirishning asosiy omillaridan biri sifatida ko‘riladi.
[gallery-30304]
Mamlakatimiz hamda qardosh Ozarbayjon media sohasining vakillari ishtirok etgan mazkur davra suhbati davomida axborot xavfsizligi va dezinformatsiyaga qarshi kurash, media makonda destruktiv tahdidlarga qarshi media savodxonlik vositalari, ijtimoiy tarmoqlarning yoshlar ongiga ta’siri kabi dolzarb masalalar yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.
Davra suhbati turli mamlakatlar ekspertlari o‘rtasida tajriba almashish, zamonaviy axborot tahdidlariga qarshi samarali yondashuvlarni muhokama qilish hamda media sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qiladi.
N.Usmonova,
O.Pardayev (suratlar),
O‘zA muxbirlari