Raqamli bojxona — shaffoflik va tezkor xizmatlar sari muhim qadam
Bugungi kunda davlat xizmatlarini raqamlashtirish aholi va tadbirkorlar uchun qulayliklarni kengaytirish, inson omilini qisqartirish hamda shaffof boshqaruvni ta’minlashning eng muhim omillaridan biriga aylanmoqda. Ayniqsa, tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada yengillashtirish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va axborot xavfsizligini mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Ana shu ezgu maqsadlar yo‘lida Buxoro viloyati bojxona boshqarmasida Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi rahbariyati ishtirokida muhim uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv davomida “Bojxona tartib-taomillarini soddalashtirishning zamonaviy tendensiyalari hamda raqamlashtirish istiqbollari” mavzusida atroflicha taqdimot o‘tkazildi. Unda bojxona tizimida amalga oshirilayotgan keng qamrovli raqamli islohotlar, elektron xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, axborot almashinuvini avtomatlashtirish va zamonaviy texnologiyalarning amaliy natijalari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda bojxona organlarida 44 dan ortiq avtomatlashtirilgan axborot tizimi samarali faoliyat yuritmoqda. Mazkur platformalar orqali tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari ko‘plab xizmatlardan elektron shaklda foydalanmoqda. Bu esa rasmiylashtirish jarayonlarini sezilarli darajada tezlashtirib, ortiqcha qog‘ozbozlikni bartaraf etish, inson omilini kamaytirish va xizmatlar sifatini yanada oshirish imkonini bermoqda.

Tadbirda so‘zga chiqqan Inspeksiya rahbari F. Rustamov bojxona tizimida raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. Uning ta’kidlashicha, elektron xizmatlarning joriy etilishi fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflamasdan, masofadan turib bojxona xizmatlaridan tez, qulay va shaffof tarzda foydalanish imkoniyatini yaratmoqda. Bu esa mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, tadbirkorlik muhitini yaxshilash hamda davlat xizmatlarining ochiqligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Uchrashuvda axborot va kiberxavfsizlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi hamda Inspeksiyaning Buxoro viloyati hududiy bo‘limi o‘rtasida axborot xavfsizligini ta’minlash, radioelektron vositalardan foydalanish qoidalariga rioya etish, raqamli infratuzilmani muhofaza qilish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik ishlari yuksak baholandi.
Shuningdek, ikki idora hamkorligida muntazam o‘tkazib kelinayotgan seminarlar, o‘quv mashg‘ulotlari va targ‘ibot tadbirlari nafaqat soha xodimlarining kasbiy malakasini oshirishga, balki aholining huquqiy va texnik savodxonligini yuksaltirishga ham samarali hissa qo‘shayotgani qayd etildi. Bu kabi tadbirlar raqamli madaniyatni shakllantirish, kiberxavfsizlik sohasida ogohlikni kuchaytirish hamda zamonaviy texnologiyalardan xavfsiz foydalanish ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Bugun raqamli bojxona — bu shunchaki elektron tizim emas, balki tezkorlik, shaffoflik, ishonch va qulaylikni o‘zida mujassam etgan yangi boshqaruv modeli hisoblanadi. Buxoro viloyati bojxona boshqarmasida o‘tkazilgan mazkur uchrashuv esa raqamli transformatsiya jarayonlarini yanada jadallashtirish, axborot xavfsizligini mustahkamlash va davlat xizmatlarini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida ahamiyat kasb etdi.
Zero, raqamli texnologiyalar keng joriy etilgan tizimda vaqt tejaladi, ortiqcha sarsongarchilik barham topadi, eng muhimi esa davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonch yanada mustahkamlanadi. Bu esa Yangi O‘zbekistonda zamonaviy, innovatsion va inson manfaatlariga xizmat qiluvchi davlat boshqaruvini shakllantirish yo‘lidagi ustuvor vazifalarning amaliy ifodasidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri