Raqamlashtirish orqali shaffoflik ta’minlanmoqda
Majburiy ijro byurosining Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan ijro jarayonlarini raqamlashtirish, shaffoflikni ta’minlash hamda korrupsiya holatlarining oldini olish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davrida ijro ishlari doirasida qabul qilingan 1 million 309 mingta qarorning 905 mingtasi, ya’ni 69 foizi inson aralashuvisiz avtomatik tarzda qabul qilindi.
Shuningdek, har bir ijro harakati, jumladan, qo‘llanilgan cheklovlar haqida qarzdorlarni avtomatik tarzda xabardor qilish tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, joriy yilning o‘tgan davrida fuqarolarga 505,9 mingta SMS-xabarnoma avtomatik tarzda yuborildi.
– Ijro jarayonida qarzdorlarning mol-mulklarini begonalashtirish orqali qarzdorlikni to‘lashdan bo‘yin tovlashining oldini olish maqsadida mol-mulklarni aniqlash, ularga taqiq qo‘yish, avtotransport vositalariga qidiruv e’lon qilish, yuridik shaxslarning hisob varaqlariga inkasso topshiriqnomasi hamda band qo‘yish jarayonlari avtomatlashtirildi, – deydi boshqarmaning axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish sho‘’basi mutaxassisi Madatbek Shirinqulov. – Ayni vaqtda davlat ijrochilari tomonidan o‘zlariga biriktirilgan mahallalarda qarzdorliklarni so‘ndirishda elektron to‘lov tizimlaridan foydalanishning afzalliklari, mazkur tizimning shaffoflikni ta’minlash va korrupsiya xavflarining oldini olishdagi ahamiyati yuzasidan keng ko‘lamli tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Shu bilan birga, fuqarolar qarzdorlikni naqd pul shaklida to‘lash istagini bildirgan hollarda, davlat ijrochilariga biriktirilgan planshet qurilmalari orqali naqd pul mablag‘lari elektron tarzda rasmiylashtirilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri