“Raqamlar ortidagi inson taqdiri”: O‘zbekistonning barqaror rivojlanish yo‘li
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Barqaror rivojlanish maqsadlari (#BRM) oyligiga rasman start beruvchi “Barqaror rivojlanish maqsadlari: milliy taraqqiyotning yangi bosqichi” mavzusida respublika konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur oylikning ahamiyati qanday? Bu haqda Barqaror rivojlanish markazi direktori Elyorjon Saminov bilan suhbatlashdik.
– Kuni kecha O‘zbekistonda “Yangi O‘zbekiston: islohotlar natijasi – barqaror rivojlanish kafolati!” shiori ostida Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligiga rasman start berildi. Avvalo, ushbu oylikdan qanday natijalar kutilmoqda? U mamlakatimizda Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga oid natijalarni sarhisob qilish, mavjud muammolarga yechim topish va kelgusi ustuvor vazifalarni belgilashda qanday ahamiyat kasb etadi?
– Darhaqiqat, mamlakatimizda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida muhim yangi tashabbus — Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligiga rasman start berildi. O‘zbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning 2030-yilgacha amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur oylik, avvalo, bosib o‘tilgan yo‘lga nazar tashlab, erishilgan natijalarni sarhisob qilish, mavjud muammolarga yechim izlash va kelgusi vazifalarni belgilash uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qiladi.
Ayni paytda, bu oylikni shunchaki tadbirlar majmui sifatida qabul qilish to‘g‘ri emas. Uning zamirida bir maqsad — barqaror rivojlanish g‘oyasini jamiyat hayotining ajralmas qismiga aylantirish maqsadi mujassam. Shu bois jarayonga davlat organlari va parlament bilan bir qatorda mahalliy hokimliklar, fuqarolik jamiyati institutlari, xususiy sektor, ilmiy doiralar, yoshlar va keng jamoatchilikni faol jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Oylik doirasida 60 dan ortiq xalqaro konferensiyalar, davra suhbatlari, targ‘ibot tadbirlari va sohaga oid podkastlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ularning har biri yangi g‘oyalar tug‘iladigan, tajriba almashiladigan va amaliy takliflar shakllanadigan ochiq muloqot maydoniga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.
Eng muhimi, bu tadbirlarning markazida raqamlar emas, inson va uning farovon hayoti turibdi. Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi erishilgan natijalarni sarhisob qilish bilan birga, inson qadrini yanada yuksaltirish, bugungi islohotlarni ertangi avlod farovonligi bilan bog‘lash va barqaror kelajak uchun umumiy mas’uliyatni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim tashabbusdir.
– 2030-yilgacha belgilangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun vaqt tobora qisqarmoqda. Dunyo mamlakatlari bu maqsadlarga erishish yo‘lida hozir qay darajada va eng katta xavf nimada — maqsadlarga erisha olmaslikdami yoki mamlakatlar o‘rtasidagi tafovutning yanada chuqurlashishidami?
– 2030-yilga tobora yaqinlashayotganimiz sari Barqaror rivojlanish maqsadlarining dunyodagi bugungi holati yanada jiddiy o‘ylanishga undamoqda. Bu yerda gap faqat belgilangan muddatgacha barcha maqsadlarga erisha olmaslik haqida emas. Eng katta xavf — mamlakatlar va mintaqalar taraqqiyotning turli sur’atlarida harakatlanayotgani, natijada dunyodagi rivojlanish tafovuti tobora chuqurlashib borayotganidir.
Sustainable Development Report 2026 hisobotiga ko‘ra, global miqyosda tahlil qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlarining atigi 16,5 foizi 2030-yilgacha erishish yo‘lida bormoqda. Demak, hozirgi sur’at saqlanib qolsa, maqsadlarning beshdan bir qismiga ham yetmagan qismi belgilangan muddatda amalga oshishi mumkin. Ayniqsa, ochlikni bartaraf etish va barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, tinchlik, adolat va samarali institutlarni ta’minlash borasida orqada qolish sezilarli.
Biroq dunyo manzarasiga faqat umumiy raqamlar orqali baho berish yetarli emas. Chunki mamlakatlarning boshlang‘ich imkoniyatlari, iqtisodiy salohiyati va taraqqiyot sur’atlari bir-biridan keskin farq qiladi. Yuqori daromadli va Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga a’zo mamlakatlar 2015-yildayoq Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha ancha yuqori ko‘rsatkichlarga ega edi. Shu sababli keyingi yillarda ularning o‘sish sur’ati nisbatan sekinlashgan.
Aksincha, Sharqiy va Janubiy Osiyo, BRICS+ hamda quyi-o‘rta daromadli mamlakatlar pastroq nuqtadan yo‘lga chiqqan bo‘lsa-da, tezroq sur’atda oldinga siljimoqda. Hisobotda Sharqiy va Janubiy Osiyo 2015-yildan buyon Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha eng tez taraqqiy etgan mintaqa sifatida qayd etilgan. Bu esa taraqqiyotning yagona modeli yo‘qligini, ammo to‘g‘ri siyosat, investitsiya va hamkorlik orqali qisqa vaqtda sezilarli natijalarga erishish mumkinligini ko‘rsatadi.
Eng tashvishli holat esa past daromadli mamlakatlar misolida namoyon bo‘lmoqda. Ular 2015-yildayoq eng past ko‘rsatkichlardan boshlagan. Biroq shunga qaramay, ularning taraqqiyot sur’ati iqtisodiy imkoniyatlaridan kelib chiqib kutilgan darajadan ham sekin kechmoqda. Hisobotda bu holat «sekin konvergensiya», ya’ni mamlakatlar o‘rtasidagi rivojlanish tafovuti yetarlicha tez qisqarmayotgani sifatida baholanadi.
Shu bois masalaga «kimdir maqsadlarga erishadi, kimdir erisha olmaydi» degan oddiy yondashuv bilan qarab bo‘lmaydi. Zero, barqaror rivojlanish bir mamlakatning alohida muvaffaqiyati emas, balki butun insoniyatning umumiy taqdirini belgilaydigan jarayondir. Hatto yuqori daromadli davlatlar Barqaror rivojlanish maqsadlarida yuqori natijalarga ega bo‘lsa-da, ularning ishlab chiqarish, savdo va iste’mol modellari boshqa mamlakatlarga ekologik va ijtimoiy salbiy ta’sirlarni ham yuzaga keltirishi mumkin.
Shu nuqtai nazardan, 2030-yil ostonasida dunyo oldida turgan eng katta xavf «ikki xil tezlikdagi taraqqiyot»ning shakllanishidir. Bir tomonda moliyaviy imkoniyatlari, texnologiyalari va investitsiya resurslari keng bo‘lgan davlatlar, ikkinchi tomonda esa o‘z taraqqiyoti uchun hali katta moliyaviy va texnologik ko‘makka muhtoj mamlakatlar turibdi. Agar ushbu tafovutni qisqartirishga erishilmasa, bir mamlakatdagi yutuqlar global barqarorlikni ta’minlash uchun yetarli bo‘lmaydi.
Shuning uchun bugungi vazifa urush va nizolarni bartaraf etib, tinchlikni ta’minlash, uzoq muddatli investitsiyalarni ko‘paytirish, mintaqaviy va mahalliy hamkorlikni kuchaytirish, rivojlanayotgan mamlakatlar uchun moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish, ilm-fan, innovatsiyalar va ishonchli ma’lumotlardan samarali foydalanishdir.
Zero, 2030-yilgacha qolgan vaqt — shunchaki taqvimda kamayib borayotgan yillar emas. Bu butun dunyo uchun hal qiluvchi davr. Barqaror rivojlanishning haqiqiy mezoni eng rivojlangan davlatlar qanchalik tez oldinga borayotgani bilangina emas, balki bugun imkoniyatlari cheklangan mamlakatlar, hududlar va millionlab insonlarning ertangi kunga qanchalik yaqinlashayotgani bilan ham o‘lchanadi.
Barqaror taraqqiyot bu bugungi avlod ehtiyojlarini qondirish bilan cheklanmay, ertangi avlodga ham farovon hayot, sog‘lom muhit va munosib imkoniyatlar qoldirish mas’uliyatidir.
– O‘zbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish borasida dunyo mamlakatlari orasida qanday natijalarni qayd etmoqda?
– Bugun O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish borasidagi natijalarini baholar ekanmiz, bir haqiqatni alohida ta’kidlash lozim: barqaror rivojlanish — bu faqat reytinglar, raqamlar yoki statistik ko‘rsatkichlar emas. Uning zamirida inson, uning hayoti, taqdiri, orzu-umidlari va ertangi kuniga bo‘lgan ishonchi mujassam.
Bu yondashuv xalqaro reytinglarda ham o‘z ifodasini topmoqda. Sustainable Development Report 2026 hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston 169 ta davlat orasida 72,9 ball bilan 65-o‘rinni egalladi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, kambag‘allikni qisqartirish, raqamlashtirish, infratuzilma va ijtimoiy himoya sohalaridagi natijalar ushbu ijobiy dinamikaning muhim omillaridir.
Bu raqamlarning har biri ortida inson taqdiri bor. Masalan, ta’lim qamrovining yuqoriligi — bu shunchaki foiz emas, balki maktabga borayotgan bolaning kelajakka ochilayotgan yo‘li. Kambag‘allik ko‘rsatkichining yaxshilanishi — bu statistika emas, balki oila dasturxonidagi baraka, farzandning to‘yib ovqatlanishi, ota-onaning ertangi kunga ishonchi. Elektron hukumatning rivojlanishi esa oddiy raqam emas, bu fuqaroning davlat idorasi eshigida navbat kutib vaqt sarflamasligi, o‘z muammosini tezroq hal qilishi demakdir.
Shu ma’noda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida ilgari surilayotgan islohotlarning eng muhim xususiyati insonni taraqqiyotning asosiy mezoni sifatida ko‘rishdir. Bu tamoyil ichki islohotlar bilan cheklanib qolmayapti. O‘zbekiston o‘z taraqqiyot tajribasi va mintaqaviy hamkorlikka oid qarashlarini xalqaro maydonga olib chiqib, barqaror rivojlanishning umumiy yechimlarini taklif etmoqda.
Buning yaqqol misollaridan biri Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik va iqtisodiy integratsiyani kuchaytirish tashabbusidiр. 2025-yil 23-sentabrda BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mamlakatlarining hamkorligi va iqtisodiy integratsiyasini yanada chuqurlashtirishni qo‘llab-quvvatlovchi Bosh Assambleya rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surgan edi. Bu tashabbus 2026-yil 20-may kuni o‘zining mantiqiy natijasini topib, BMT Bosh Assambleyasi A/RES/80/260-sonli rezolyutsiyani ovoz berishsiz, ya’ni konsensus asosida qabul qildi.
E’tiborlisi, rezolyutsiyani 66 ta davlat qo‘shimcha hammuallif sifatida qo‘llab-quvvatlagan. BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi mazkur hujjatni Markaziy Osiyo xalqlari manfaatlari yo‘lida hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan muhim tashabbus sifatida baholab, uning innovatsiyalarni rag‘batlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va uzoq muddatli barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga xizmat qilishini qayd etdi.
Bu voqeaga biroz chuqurroq nazar tashlasak, uning mazmuni yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Markaziy Osiyodagi hamkorlik — bu faqat davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar emas. Bu millionlab insonlarning taqdiriga daxldor jarayon. Chegaralar orqali savdoning yengillashishi — tadbirkor uchun yangi bozor. Transport yo‘laklarining rivojlanishi — oddiy odam uchun yangi ish o‘rni. Energetika va suv sohasidagi hamkorlik — millionlab aholi uchun barqaror ta’minot. Ta’lim va ilm-fandagi hamkorlik esa yosh avlod uchun yangi imkoniyatlar eshigidir.
Shu nuqtai nazardan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbuskorligi nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyoning kelajagi bilan bog‘liq strategik qarash sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Ayni paytda, 2026-yilgi hisobot O‘zbekistonda barqaror rivojlanishni milliy rejalashtirish va siyosat bilan uyg‘unlashtirish jarayonlariga ham alohida e’tibor qaratadi. Xususan, Barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘i hisobotida O‘zbekiston integratsiyalashgan milliy rejalashtirish yo‘nalishida hamkorlik yo‘lga qo‘yilayotgani qayd etilgan.
Zero, barqaror rivojlanishning eng to‘g‘ri mezoni insonning hayotidagi o‘zgarishdir. O‘zbekistonning bugungi taraqqiyot yo‘li raqamlar ortidan quvish emas, raqamlar ortida turgan inson taqdirini yaxshilash yo‘lidir. Prezident Shavkat Mirziyoyevning milliy islohotlarni mintaqaviy va global tashabbuslar bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan siyosati esa ana shu maqsadni yanada kengroq maydonga olib chiqmoqda.
Zero, barqaror rivojlanish — bu kelajakni kutish emas. Bu bugun har bir inson uchun yaxshiroq hayot yaratishdan boshlanadi. Va har bir islohotning eng oliy natijasi ham bitta mezon bilan o‘lchanishi kerak: inson hayoti qanchalik o‘zgardi, uning taqdiri qanchalik yaxshilandi?
– Suhbat uchun tashakkur!
N.Usmonova, O‘zA