Rais boshchiligidagi beshlik faoliyati tahlil qilindi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Davlatobod tumani hokimi Anvarjon Tojimirzayev mutasaddilar bilan Quyi G‘irvon mahallasida rais boshchiligidagi beshlik faoliyatini tahlil qildi. Mahalla aholisining muammolarini yechishda beshlik rejasi, dasturlari eshitilib, kerakli tavsiyalar berildi.
“Quyi G‘irvon” MFY raisi Qosimjon Yusupov, hokim yordamchisi Furqat Abbasov va xotin-qizlar faoli Mastura Dedaboyevaning amaliy ishlari ijobiy natijalar berayotgani alohida ta’kidlandi.
Hokim yordamchisi tavsiyasi bilan oilaviy tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan fuqarolardan biri Dilobar Zaylobiddinova, kasanachilik asosida bir nechta xotin-qizni tikuv ishlariga jalb etgan. Tikuvchi shu bilan birga, o‘z kasbi sir-asrorlarini hudud yoshlarga o‘rgatib kelmoqda.
Fotima Mo‘minova ham mahalla tavsiyasi bilan kelinlari va shogirdlari ko‘magida buyurtma asosida tikuvchilik ishlarini bajarib keladi.
Hudud ishbilarmonlaridan yana biri Nurmirza Normirzayev xonadonida tikuvchilik sexi tashkil etib, 15 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minladi. Shuningdek, mahallada istiqomat qiluvchi 30 dan ziyod xotin-qiz kasanachilik asosida tikuv ishlarini bajarib, ushbu sexga topshiradi.
Mahallada hunarmandchilik, chorvachilik ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA