“Rahbar va yoshlar” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazildi
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan har haftaning payshanba kuni “Yoshlar kuni” sifatida belgilanib, yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga e’tibor qaratilmoqda. Mazkur tashabbus doirasida “Adolat” SDP tomonidan “Alfraganus” universitetida “Rahbar va yoshlar” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi.
Uchrashuvda universitet rektori Azizbek Ismoilov va “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi rahbari Robaxon Mahmudova bugungi kunda oliy ta’lim tashkilotlari nafaqat bilim maskani, balki yoshlarni ijtimoiy hayotga tayyorlaydigan muhim platforma ekanini ta’kidladi.

Davra suhbatida talabalar bilan samimiy muloqot qilindi. Partiya yetakchisi partiya tomonidan yoshlar siyosati doirasida olib borilayotgan ishlarga to‘xtaldi:
— Yil boshidan buyon saflarimizga 220 mingdan ziyod yangi maslakdoshlarimiz qo‘shildi va o‘sish dinamikasi 20 foizni tashkil etdi. Eng quvonarlisi, partiyamiz elektoratining sezilarli qismini — salkam 40 foizini aynan siz kabi 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar tashkil etmoqda. Nega bugun yoshlar bizning partiyamizga talpinmoqda? Sababi, yoshlar adolatga ishonadi. Sizlar haqiqatni soxtakorlikdan, bilimni yuzakilikdan ajrata olasiz. Partiyamiz ilgari surayotgan — sifatli ta’lim, ijtimoiy tenglik va korrupsiyasiz jamiyat g‘oyalariga qaratilgan 10 dan ortiq yoshlar loyihalari sizlarning orzu-umidlaringiz bilan hamohangdir, – dedi Robaxon Mahmudova.

Uchrashuvda Qonunchilik palatasi deputatlari Yelena Borisova, Tohir Polvonov va Muhammadjon Valiyev so‘zga chiqib, parlament tomonidan yoshlar huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida qabul qilinayotgan qonunlar, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan kafolatlar haqida batafsil to‘xtaldi. Deputatlar yoshlarni mamlakatda kechayotgan siyosiy jarayonlarda faol bo‘lishga, davlat boshqaruvi va qonun ijodkorligida o‘z takliflari bilan ishtirok etishga chorladi.
O‘z navbatida, talabalar ta’limdagi innovatsiyalar, yosh mutaxassislarni ish bilan ta’minlash va ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha savollar bilan yuzlandi. Har bir taklif va murojaat diqqat bilan tinglanib, partiyaning kelgusi faoliyatida inobatga olinishi qayd etildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA