Rag‘bat – mas’uliyatni oshiradi
Namanganlik to‘quvchi-hunarmand Yunusxon Azimov “Tashabbus –2015” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida “Yilning eng yaxshi hunarmandi” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.
Namanganlik to‘quvchi-hunarmand Yunusxon Azimov “Tashabbus –2015” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida “Yilning eng yaxshi hunarmandi” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.– Mamlakatimizda milliy hunarmandlikni tiklash va rivojlantirish, usta hunarmandlar faoliyatini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Yu.Azimov. – Tashabbus qo‘llab-quvvatlangan joyda taraqqiyot bo‘ladi. Buni bizning oilaviy ustaxonamiz misolida ham ko‘rish mumkin. Prezidentimiz rahnamoligida yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlardan foydalanib, ustaxonamizda 15 turdagi atlas, adras, beqasam kabi milliy matolar to‘qib, ota-bobolarmiz an’analarini davom ettirmoqdamiz. Tanlovda g‘olib bo‘lganimiz mehnatimizga berilgan yuksak baho sifatida bizni yangi izlanishlarga rag‘batlantiradi.
Tanlovning viloyat bosqichida 35 tadbirkor, fermer va hunarmand o‘zi ishlab chiqarayotgan va yetishtirayotgan ikki mingdan ziyod turdagi sanoat, hunarmandlik va qishloq xo‘jalik mahsulotlarini namoyish etdi. Milliy hunarmandlikning qo‘l mehnatiga asoslangan an’anaviy turlari – to‘qimachilik, zardo‘zlik, kashtachilik mahsulotlari, ayniqsa, ko‘rgazma ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
– Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining viloyat iqtisodiy-ijtimoiy rivojidagi ulushi yildan-yilga o‘smoqda, – deydi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Namangan viloyai hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ibrohimjon Sattorov. – O‘tgan yili viloyat yalpi hududiy mahsulotida kichik biznesning ulushi 80 foizni tashkil etgani ham fikrimiz isbotidir. Ayni paytda viloyatda 15 ming 494 kichik biznes subyekti faoliyat yuritmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida besh yuzga yaqin yangi kichik biznes subyekti ish boshladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilayotgan “Tashabbus” ko‘rik-tanlovi tadbirkor, fermer va hunarmandlar o‘rtasida o‘zaro sog‘lom raqobatni kuchaytirish, soha rivojlanishini rag‘batlantiruvchi qulay muhit yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“Yilning eng yaxshi tadbirkori” nominatsiyasida Namangan shahridagi “Namangan momiq sochiqlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari G‘iyosiddin Boboxonov, “Yilning eng yaxshi fermeri” yo‘nalishida Pop tumanidagi “Rais Sang” fermer xo‘jaligi raisi Ilyos Botirov birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
“Eng yaxshi yosh tadbirkor”, “Eng yaxshi tadbirkor ayol”, “Eng yaxshi eksportchi”, “Yoshlarga eng ko‘p ish joyi yaratgan tadbirkor”, “Eng yaxshi innovatsion loyiha”, “Eng yaxshi oilaviy biznes” kabi nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, taqdirlandi.
Tadbirda Namangan viloyati hokimi B.Yusupov so‘zga chiqdi.