Quyoshni ko‘tarib yurgan insonlar
Har yili bahorda fermer umid bilan yer haydaydi, ona zaminning issiq quchog‘iga avaylab urug‘ qadaydi.
Har yili bahorda fermer umid bilan yer haydaydi, ona zaminning issiq quchog‘iga avaylab urug‘ qadaydi. Egatlar oralab, elning rizq-nasibasi butun bo‘lishini tilab mehnat qiladi.
Mamlakatimizdagi ilg‘or fermerlar va fermer xo‘jaliklari a’zolari – ular zamonamiz qahramonlari safiga qo‘shish mumkin bo‘lgan yurt fidoyilari. Farg‘ona viloyatida ham katta tajribaga ega, el-yurt orasida hurmat topgan fermerlar ko‘plab topiladi.
Uchko‘prik tumani “G‘ijdon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “MX don taraqqiyot” fermer xo‘jaligi rahbari Mirzohid Nishonov ana shunday dehqonlardan. Uning ota-bobolari bir umr dehqonchilik kasbini ardoqlab o‘tgan. Rahmatli otasi ham G‘ijdonning eng mirishkor dehqonlaridan edi. Hamqishloqlar hazilomuz ohangda “Bu inson quyoshni yelkasida ko‘tarib yurardi. Bir umr qora terga botib, qo‘li qadoq bo‘lib o‘tdi” deya eslashadi. Bu bejiz emas, albatta.
Bu oilada ulg‘aygan to‘rt o‘g‘ilning barchasi aql-hushini shu dalalarda tanidi. Zarif qo‘shiqlar kuylab oqadigan zilol suvli ariqlar bo‘yini yalpiz ifori tutganda, saraton quyoshi butun borliqni jizg‘anak qilib kuydirganda, osmonni qoplagan pastak bulutlar podasi mag‘ribdan mashriqqa ohista suzib o‘tadigan kech kuzakda, qahraton qish kunlari dala uvatida olov yoqib orom oladigan pallada, xullas, yilning to‘rt faslida ham birda quvonchli, birda mashaqqatining cheki yo‘q shu dalalar qorako‘z bolalarning hayoti mazmuniga aylangandi.
Otasi bolalariga “Dehqonning topgani ona sutidek halol“ derdi. Yerga mehr bergan odam aslo kam bo‘lmasligini uqtirardi. Hozirgi kunda to‘rt o‘g‘ilning barchasi fermerlik faoliyati orqali oila farovonligini ta’minlamoqda.
2005 yili tashkil topgan “MX don taraqqiyot” fermer xo‘jaligi asosan urug‘lik paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan. O‘tgan yillar mobaynida fermer xo‘jaligining iqtisodiy salohiyati tobora yaxshilanib, shinam dala shiyponi barpo etildi. Xo‘jalik a’zolari uchun mo‘jazgina bog‘ tashkil etilib, dala qozoni uchun zarur bo‘ladigan barcha meva-sabzavotlarni to‘liq o‘zlarida yetishtirish imkoniga ega bo‘lishdi.
Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi maqomiga erishish uchun keyingi yillarda issiqxona barpo etildi va erta ko‘klamdan tortib kech kuzgacha xaridorgir mahsulotlar ichki bozorga yetkazib berilmoqda. Ayni paytda tajriba tariqasida fermer xo‘jaligi qoshida naslli chorva mollarini boqish faoliyati rivojlantirilayapti. Go‘sht va sut yetishtirish sohasida Germaniya, Niderlandiya, Avstriya kabi Yevropa mamlakatlari, MDH davlatlari va respublikamizning ilg‘or fermerlari tajribasi o‘rganilmoqda.
– Gapning ochig‘i, bundan o‘n yillar avval ham Amerika yoki Yevropa mamlakatlari fermerlari erishayotgan olamshumul yutuqlar biz uchun bir umr ushalmas orzudek tuyular edi, – deydi fermer Mirzohid Nishonov. – Ammo o‘tgan qisqa davr ichida bu orzular ayni hayotiy haqiqatga aylandi. Agar yodingizda bo‘lsa, istiqlolning dastlabki yillari niderlandiyalik bitta fermer o‘z daromadi orqali bir yilda yuzta hamyurtini boqishi mumkin, degan gaplar tez-tez quloqqa chalinardi. Bugun fermerlarimizning iqtisodiy salohiyati dunyodagi eng rivojlangan davlatlar fermerlarinikidan hech ham kam emas.
“MX don taraqqiyot” fermer xo‘jaligi a’zolari joriy yilda 33,2 gektar yerda “S-6524” urug‘lik paxta navini parvarishlagan edi. Fermer xo‘jaligi va bu yil tumanda o‘z faoliyatini boshlagan “Real Trans Logistic” paxtachilik-to‘qimachilik klasteri o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida barcha agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida sifatli bajarilishi ta’minlandi. Yangicha yondashuv, amaliy tajribani ilm-fan yutuqlari bilan o‘zaro muvofiqlashtirish, sohaga innovatsion g‘oyalarni keng joriy etish dastlabki yildayoq o‘z samarasini ko‘rsatdi. Har gektar yerdan olingan hosildorlik 40 sentnerga yetkazilib, belgilangan shartnoma rejasi 125 foizga bajarildi. Shu kunlarda keyingi yil hosili uchun 35,4 gektar yerda “Zamin” navli urug‘lik bug‘doyni bir tekis undirib olgan fermer joriy yilgi g‘alla va paxta hosilidan 500 million so‘m foyda oldi.
Fermer xo‘jaligi rahbari Mirzohid Nishonov naslli chorva istiqbolini astoydil o‘rganib, bu borada katta tajribaga ega fermerlar ko‘magida o‘z biznes-rejasini ishlab chiqdi. Yaqin kelajakda mazkur yo‘nalish fermer xo‘jaligining eng serdaromad tarmog‘iga aylanishi mumkin. Fermerning qayd etishicha, katta mablag‘ evaziga xorijdan olib kelinayotgan naslli mollarni mahalliy sharoitga to‘liq moslashtirib, shu yerning o‘zida nasl olish tajribasini ilmiy asosda kengaytirish lozim. Buning uchun ilmiy salohiyatimiz yetarli. Bu borada olimlarimiz va fermerlar mushtarak maqsad yo‘lida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi kerak. O‘z navbatida soha rivoji uchun qulay muhit yaratilsa, yurtimizda nafaqat oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanadi, balki aholi ko‘p iste’mol qiladigan sut va go‘sht mahsulotlari arzon bo‘ladi. Eng muhimi, bu boradagi eksport imkoniyatlari yaxshilanadi. Yangi ish o‘rinlari yaratiladi, chorvachilik infratuzilmasi bugungi kun talablari asosida rivojlanadi.
Bu yil Farg‘ona viloyati mamlakatimizda birinchi bo‘lib davlatga paxta topshirish rejasini bajardi. Bu muvaffaqiyatda Uchko‘prik tumani fermerlarining ham munosib hissasi bor. Urug‘lik paxta va bug‘doy hosili yetishtirayotgan “MX don taraqqiyot” kabi fermer xo‘jaliklarining bu boradagi hissasi alohida e’tirof loyiq. Boisi hosil taqdiri birinchi navbatda sifatli urug‘ga bog‘liq. Bunday mas’uliyatli vazifa har qanday fermer xo‘jaligiga ham ishonib topshirilmaydi. Ishonchga sazovor bo‘lish uchun esa uzoq yillik samara, iqtisodiy salohiyat, moddiy-texnika ta’minoti singari jihatlarga jiddiy e’tibor qaratiladi. Chunki bu shunchaki dehqonchilik yumushining o‘zi emas. Hayotiy va amaliy tajriba bilan birga ilmiy yondashuv ham kerak.
Ko‘z ilg‘amas olis shu’lalarga singib ketgandek taassurot uyg‘otuvchi, ikki cheti mevali daraxtlar, askarlardek bir safda tizilgan marvarid tutlar bilan o‘ralgan uzun dala yo‘lida orzulardek oppoq “Lasetti” avtomashinasi kelib to‘xtaydi. Mashinadan tushib kelgan fermer Mirzohid Nishonov eski qadrdonlardek samimiy ko‘rishadi. Bir piyola ko‘k choy ustidagi maroqli suhbat asnosida fermerning bir qarashda kiborli, ammo jaydari, oddiy va samimiy qalbini kashf etgandek bo‘lamiz.
– Xalqimizning hikmatli iborasi bor, kelish mehmondan, ketishga izn berish mezbondan, – deydi u bizning ketish taraddudiga tushganimizni ko‘rgach mayin jilmayib. – Dehqonda hech qachon ta’til bo‘lmaydi. Bu yil biz uchun ham samarali kechmoqda. Rejaga qo‘shimcha 30 tonna paxta topshirdik.
Anchadan buyon qo‘msab, sog‘inib yurgan oromijon suhbatdan bahramand bo‘ldik. Fermer xo‘jaligi mexanizatori, suvchilari, a’zolari mavsum yumushlari bilan bog‘liq bir-biridan qiziqarli voqealarni aytib berishdi. Fermerning yaxshi fazilatlari esga olindi.
Bu oddiy bir fermer xo‘jaligining kundalik faoliyati bilan bog‘liq yoqimli taassurotlar edi. Ezgu niyatlar, halol mehnat, ertangi kun umidi bilan bog‘liq bu kabi minglab, millionlab orzular jamuljam bo‘lib, jondan aziz ona Vatanimizga fayz va baraka nurlarini yog‘dirayotgan bo‘lsa, ne ajab!