Quyoshdan quvvat, insonga madad
Niderlandiyalik talabalar tomonidan yaratilgan “Stella Juva” dunyodagi ilk quyosh energiyasida harakatlanuvchi tez yordam avtomobili sifatida taqdim etildi. U oddiy tez yordam mashinasidan farqli o‘laroq, bemorni shifoxonaga yetkazish bilangina cheklanmaydi, balki tibbiy xizmatni eng chekka hududlarning o‘ziga olib boradi. Tomiga o‘rnatilgan quyosh panellari ishlab chiqargan energiya 50 kVt/soat sig‘imli batareyaga yig‘iladi, shu bois avtomobil quyosh botgandan keyin ham harakatlana oladi.
Лойиҳанинг энг муҳим жиҳати — энергетик мустақиллик. Автомобиль тўхтаганда ён томонидаги қўшимча қуёш панеллари ёйилади: улар ҳам электр энергияси ишлаб чиқаради, ҳам тиббий хизмат кўрсатиладиган жойда соя ҳосил қилади. Тадқиқотлар шуни кўрсатдики, тўхтаб турган пайтда “Stella Juva” тиббий жиҳозлар сарфлайдиган энергиядан ҳам кўпроқ электр ишлаб чиқаради. Демак, рентген, УЗИ, дефибриллятор ва вакциналарни совитиш ускуналари электр тармоғи йўқ ҳудудларда ҳам ишлаши мумкин.
Avtomobil Keniyaning Narok viloyatida real sharoitda sinovdan o‘tkazildi. U 800 kilometrdan ziyod masofani bosib o‘tib, o‘nqir-cho‘nqir yo‘llar orqali olis aholi punktlariga yetib bordi. Ikki kunlik sinov davomida “Stella Juva” qariyb 200 nafar insonga tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega ekanini namoyish etdi. Birgina tibbiy tashrif chog‘ida 40 nafargacha homilador ayolni UTT tekshiruvidan o‘tkazish mumkinligi uning aholi salomatligi uchun amaliy ahamiyatini yaqqol isbotladi.
“Stella Juva” — shunchaki yangi transport vositasi emas, balki tibbiyotning eng dolzarb muammolaridan biriga topilgan texnologik yechimdir: elektr, yoqilg‘i va infratuzilma yo‘q joyda inson hayotini qanday saqlab qolish mumkin? Agar loyiha keng miqyosda joriy qilinsa, shifoxonaga yetib borish imkoni bo‘lmagan minglab odamlar uchun quyosh energiyasining o‘zi najotga aylanishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA