Quyi g‘irvonliklarning 30 yillik orzusi ushaldi
Namangan shahrining Davlatobod tumanidagi Quyi G‘irvon mahallasida barpo etilgan 18-sonli oilaviy poliklinikaning ishga tushirilishi nafaqat shu hudud, balki qo‘shni mahallalarda istiqomat qilayotgan qariyb 38 ming aholi uchun mustaqilligimizning o‘ttiz bir yilligiga chinakam bayram tuhfasi bo‘ldi.
– Xalqimiz salomatligini muhofaza qilish muhim vazifamizdir, – dedi tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqan Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov. – Ochig‘i, bundan olti yilcha avval mana shunday tibbiyot muassasalarini barpo etish uchun mahalliy byudjetda mablag‘ topolmaganmiz. Ilgari bu hududda qishloq vrachlik punkti ma’lum muddat ishlagan, yetarli sharoitlar bo‘lmagan edi. Prezidentimizni tibbiyotga, ayniqsa, uning birlamchi tizimiga berayotgan e’tibori natijasida bugungi kunga kelib bir-biridan ko‘rkam oilaviy poliklinikalar barpo etilyapti.
250 qatnovga mo‘ljallangan mazkur shifo maskanini barpo etish uchun davlat byudjetidan 10 milliard 200 million so‘m mablag‘ sarflanib, 85 nafar malakali tibbiyot xodimini fuqarolarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.
[gallery-8579]
Ushbu poliklinika so‘nggi rusumdagi rentgen, UZI, EKG, fizioterapevtik va laboratoriya kabi zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi. Shuningdek, stomatolog, jarroh, nevropatolog, akusher-ginekolog, pediatr, terapevt, okulist, oila shifokori singari mutaxassislar el xizmatida.
Oilaviy poliklinikada tez tibbiy yordam brigadasi kechayu-kunduz ishlaydi. Bundan tashqari, kunduzgi shifoxona faoliyati ham yo‘lga qo‘yilib, bemorlarga shifoxonalarda uzoq muddat yotib davolanmasdan bemalol ambulator davo muolajalarini olish imkoniyati yaratildi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA