“Quvonch” – bolalar namunali jamoasi
Jizzax shahridagi 2-sonli “Yangi O‘zbekiston” madaniyat markazi qoshida faoliyat yuritayotgan “Quvonch” bolalar badiiy havaskorlik teatr jamoasi 2019 yilda Prezidentimizning beshta muhim tashabbusining birinchi yo‘nalishi – yoshlarni san’at va madaniyatga jalb etish g‘oyasi asosida tashkil etilgandi.
Jamoa o‘zining qisqa faoliyat davrida badiiy izlanishlari, tarbiyaviy ahamiyatga ega sahna ko‘rinishlari va professional yondashuvlari bilan katta e’tibor qozondi.
Iqtidorli bolalar tanlov asosida jamoaga jalb etilgan. Ular tomonidan tayyorlangan spektakllar – “Shoh yalqovning nayrangi”, “Yaxshilik olamining oltin kaliti”, “Dengiz osti ertak qahramonlari mehmonda” kabi asarlar maktabgacha ta’lim muassasalari hamda umumiy o‘rta ta’lim maktablarida namoyish etilmoqda. Bu tomoshalar nafaqat bolalarning san’atga bo‘lgan qiziqishlarini oshirmoqda, balki ularning ma’naviy kamolotiga ham xizmat qilmoqda.
Jamoaga tajribali mutaxassis Gulshan Karimova rahbarlik qilib, uning sahna rejissurasidagi mahorati “Quvonch” jamoasini shahar va viloyat miqyosidagi turli tadbirlarda yuksak natijalarga erishishini ta’minladi. Bolalar bilan olib borilgan samarali ijodiy ishlarning natijasi o‘laroq, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining qaroriga binoan jamoaga “Bolalar namunali jamoasi” unvoni berildi. Bu unvon jamoaning ilk qadamlaridanoq to‘g‘ri va maqsadli yo‘nalishda harakat qilayotganini tasdiqlaydi.
– “Quvonch” jamoasi shahrimizdagi minglab bolalarga teatr orqali ma’naviy ozuqa berib kelmoqda. Uning namunali jamoa sifatida e’tirof etilishi biz uchun kutilmagan voqea bo‘ldi, – deydi Jizzax shahri madaniyat bo‘limi mudiri Asilbek Zoidov.
Bugungi kunda “Quvonch” jamoasi bolalarning badiiy salohiyatlarini rivojlantirish, ma’naviy dunyoqarashlarini boyitish va ijobiy g‘oyalarni keng targ‘ib etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Bu ezgu sa’y-harakatlar orqali jamoa kelajakda yanada katta yutuqlarga erishishi shubhasiz.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri