Quvnoqlar va zukkolar bahsi
Jizzaxda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Quvnoqlar va zukkolar” tanlovining hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Jizzaxda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Quvnoqlar va zukkolar” tanlovining hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi.Prezidentimizning 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim hamda Madaniyat va sport ishlari vazirliklari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning intilish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
Tanlovda Toshkent, Sirdaryo, Jizzax viloyatlari va Toshkent shahridagi kasb-hunar kollejlari jamoalari o‘zaro bahslashdi. Jamoalar o‘z chiqishlarida yoshlar hayotida uchraydigan muammolar, kamchilik va nuqsonlarni satira va yumor orqali ko‘rsatib berdi.
Jizzax viloyatidagi Paxtakor xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejining “Yoshlar” hamda Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi transport va iqtisodiyot kasb-hunar kollejining “Intelligent” jamoalari g‘olib, deb topildi va tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.