Qutqaruvchilar "Uzbekistan Airports" kubogi uchun bellashdi
Poytaxtimizda "Uzbekistan Airports" AJ Boshqaruv raisi kubogi uchun aeroportlar xodimlari o‘rtasida yong‘inga qarshi kurash musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
"Uzbekistan Airports" AJdan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizning turli viloyatlari aeroport parvozlar qidiruvi va avariya-qutqaruv ta’minoti xizmatlari xodimlari o‘z ishining ustasi maqomi uchun kuch sinashdi.
Yurtimizning o‘nta aeroporti jamoalari umumjamoa hisobida bellashdi. Sportchilar 100 metrlik to‘siqlar yo‘lagidan o‘tish, o‘quv minorasi qavatlariga hujum narvonlarini ko‘tarish, o‘t o‘chirish estafetasi hamda jangovar joylashish kabi shartlar bo‘yicha musobaqalashdi.

«Ushbu musobaqa nafaqat an’ana, balki aviatsiya sohasida xavfsizlikning ahamiyatini belgilovchi korporativ madaniyatning muhim bir qismidir. Unda barcha ishtirokchilar o‘z ishining ustasi ekanini namoyon qildi. Har yili yigitlar ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha rekord o‘rnatadi va buni kuzatish juda qiziq. Xodimlar yil sayin yanada chaqqon, kuchli, sabrli, tajribali bo‘lish uchun o‘z ustida ishlaydi. Chunki favqulodda vaziyatlar paytida voqealar rivoji ularning mahorati, harakati va uyushqoqlik bilan ishlashiga bog‘liq», — deydi Uzbekistan Airports AJ parvozlar qidiruv va avariya-qutqaruvini ta’minlash bo‘limi boshlig‘i Qahramon Rasulov.

Musobaqa yakuniga ko‘ra, «Navoiy» xalqaro aeroporti jamoasi birinchi, «Toshkent» xalqaro aeroporti xodimlari ikkinchi, «Urganch» xalqaro aeroporti qutqaruvchilari esa uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

G‘olib va sovrindorlar kubok va medallar, diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA