Qurol sotish BMT qaroriga zid...
Rossiya – Ukraina
AQSH Prezidenti Jo Bayden sobiq savdo vaziri Penni Pritskerni Ukrainani iqtisodiy tiklash masalasi bo‘yicha maxsus vakil lavozimiga tayinladi. Oq uy matbuot xizmati yozishicha, mulozim Ukraina hukumatiga “mamlakat iqtisodiyotini mustahkamlashga qaratilgan islohot o‘tkazishda ko‘maklashadi”.
Davlat departamenti ma’lumotiga ko‘ra, Pritsker ajdodi AQSHga ko‘chib kelmasdan yuz yil avval Kiyev yaqinida don sotish shirkati sohibi edi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 21 sentyabr kuni Jo Bayden bilan Oq uyda ko‘rishishi mumkin, deb xabar berdi “Associated Press” o‘z manbalariga tayanib. Ukraina yetakchisining BMT Bosh assambleyasida so‘zga chiqishi va AQSH Kongressiga borishi ham aytilgan.
Ukraina ziddiyatida Rossiyani qo‘llagan har qanday davlat Moskva tomonidan mojaro davom ettirilishiga hissa qo‘shishdan tashqari, ukrainalik beayb fuqarolar, harbiylar jang maydonida halok bo‘lishiga xayrixoh, deya qabul qilinadi. Bu haqda AQSH Mudofaa vazirligi matbuot kotibi o‘rinbosari Sabrina Singx bayonot berdi. Uning qayd etishicha, Rossiya Shimoliy Koreyadan qurol-aslaha so‘rash darajasida og‘ir ahvolga tushib qolgan.
– Rossiyaga har qanday qurol-aslaha berish BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasini buzishdir, – qo‘shimcha qilgan Singx. – Shuning uchun biz KXDRni kelgusida Rossiya bilan keskinlikni kuchaytiradigan turli qurol-yaroq yetkazib berish haqida shartnoma imzolamaslikka chaqiramiz.
Janubiy Koreya va Ukraina Seuldagi Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik jamg‘armasi orqali past stavkada kredit berish to‘g‘risidagi bitimni kuchga kiritdi. Bu haqda Koreya Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi. Hujjatni Koreya Respublikasining Kiyevdagi elchisi Kim Xyon Txe va Ukraina Bosh vaziri o‘rinbosari Yuliya Sviridenko imzoladi.
Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov birinchi marta NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan telefon muloqoti qildi.
“Vilnyus sammitida kelishilgan shartnoma va NATO bilan hamkorlik qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ijrosini muhokama qildik”, deb yozdi vazir ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Ukrainadagi xorijlik yollanma askarlar ichki mojaro natijasida bir-birini o‘ldira boshlagan, deb xabar berdi “The Daily Telegraph” nashri. Avvalroq Moskva Rossiya armiyasiga qarshi jangovar harakatda 71 mamlakatdan ikki mingdan ko‘p yollanma harbiy xizmatchi qayd etilgani, ulardan 234 nafari AQSH fuqarosi ekani haqida ma’lumot tarqatgan edi.
Ukraina bundan keyin harbiy harakatga dosh berolmaydi, Kiyev otashkesinni to‘xtatish bo‘yicha muzokara boshlamog‘i lozim. Bunday fikrni Ukraina ikkinchi prezidenti Leonid Kuchmaning maslahatchisi Oleg Soskin bildirdi.
– Buning ustiga demografiya vaziyati yomon, aholi mamlakatni tark etmoqda, –deya qo‘shimcha qildi u. – Slovakiyada ukrainalik 300 ming qochoq bor, Germaniyada kamida 1 million 300 ming, Polshada 900 ming...
Ukraina Prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak “24-kanal”ga suhbati chog‘ida tasdiqlab aytishicha, mamlakat Qurolli kuchlari Qrimga hujum uyushtirishda faqat mahalliy texnika, qurol-yaroqdan foydalanmoqda. U ayni mavzu bo‘yicha “Sky News” telekanali tarqatgan “Sevastopolga hujum chog‘ida Britaniya qanotli raketasi – “Storm Shadow” ishlatilgan” mazmunidagi xabar noto‘g‘riligini ta’kidlagan.
Abror XON,
O‘zA