Qurilishga ruxsat olishda tadbirkorlarning xarajatlari ikki barobargacha qisqartiriladi
Bu borada shu yil 4-iyun kuni imzolangan “Qurilish sohasida natijaga asoslangan boshqaruvni joriy etish hamda sohada davlat xizmatlarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonida bir qator vazifalar belgilandi.
Xususan, 2026-yil 1-sentabrdan respublikaning barcha hududlarida mazkur farmonda nazarda tutilgan davlat xizmatlari birlashtirilib, yagona davlat xizmati – arxitektura va shaharsozlik talabini berish tizimi joriy etiladi.
2026-yil 1-iyuldan ob’ektlarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash “1 ta ariza – 1 to‘lov – barcha ulanish nuqtalari” tamoyili asosida kompozit shaklda amalga oshiriladi.
Binoning konstruksiyasi, mustahkamligi va yong‘in xavfsizligiga ta’sir qilmaydigan, quvvati va maqsadi o‘zgarmagan holda shaharsozlik normalariga zid bo‘lmagan loyihadagi rejaviy tuzilish (planirovka)da o‘zgarishlar mavjud bo‘lganda ushbu bino loyihasini shaharsozlik ekspertizasidan o‘tkazishda loyiha hujjatlarini hududiy kengashlar bilan qayta kelishish amaliyoti bekor qilinadi.
Qurilish sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun qo‘shimcha 5 ish kuni beriladi.
2026-yil 1-sentabrdan qurilish ob’ektlarini nazorat qilishda videokuzatuv kameralaridan foydalanish hamda qurilishi yangidan boshlanadigan tadbirkorlar tomonidan quriladigan ko‘p kvartirali uy-joylar, III va IV toifadagi ijtimoiy soha, mehmonxona, turizm, savdo va sanoat ob’ektlarida videokuzatuv kameralarini majburiy o‘rnatish choralari ko‘riladi.
Shuningdek, byudjet hisobidan quriladigan qiymati 3 mlrd. so‘mdan yuqori bo‘lgan ob’ektlarda ham.
O‘zA