Qurilish sohasida sifat va nazorat kuchaytirilmoqda (+video)
So‘nggi yillarda yurtimizda qurilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar sifatli, xavfsiz va shaffof qurilish muhitini shakllantirishga qaratilmoqda. Navoiy viloyati hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi tomonidan 2026-yil yanvar-mart oylarida olib borilgan monitoring natijalari ham ushbu islohotlarning amaldagi ijrosiga qaratilmoqda.
Ushbu davr mobaynida viloyatdagi qurilish ob’ektlarida jami 5398 marotaba monitoring o‘tkazildi. O‘rganishlar natijasida mas’ul tashkilot va pudratchilarga 2381 ta yozma ko‘rsatma berildi.
Tahlillar qurilish sohasida hali ham bir qator tizimli muammolar saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Jumladan, sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanish, texnik va mualliflik nazoratining sustligi, shuningdek, litsenziya va ruxsat beruvchi hujjatlar bilan bog‘liq qonunbuzilishlar eng ko‘p uchrayotgan holatlar sifatida qayd etilgan.

Qiziltepa tumani Alisher Navoiy mahallasi hududida qurilayotgan ko‘p qavatli turar-joy ob’ektida o‘tkazilgan o‘rganishlar ham qurilish jarayoni ustidan nazoratning muhimligini yana bir bor tasdiqladi.

– Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida inspeksiya tomonidan 293 ta taqdimnoma kiritilib, tegishli tashkilotlar zimmasiga aniq vazifalar yuklatilgan, – deydi inspeksiyaning Qurilish-montaj ishlari ustidan nazorat bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Farrux Abduqodirov. – Shu bilan birga, nazorat tadbirlari natijasida 44 ta sifatsiz qurilish-montaj ishlari buzdirilgan. Bu holat davlat nazoratining faqat hujjatlar bilan cheklanib qolmayotgani, balki amalda sifatni ta’minlashga xizmat qilayotganini ko‘rsatadi. Qurilish sohasida mas’uliyatni oshirishga qaratilgan choralar doirasida 105 ta ma’muriy javobgarlik holati ham qo‘llanilgan. Bu esa pudratchi va loyiha tashkilotlari uchun intizom va sifat talablariga rioya qilish zarurligini yanada kuchaytiradi. Aniqlangan kamchiliklar shuni ko‘rsatmoqdaki, sohadagi islohotlarning samarasi to‘liq ta’minlanishi uchun texnik nazorat, kadrlar salohiyati va mas’uliyat mexanizmlarini yanada kuchaytirish talab etiladi. Chunki qurilish sifati nafaqat iqtisodiy, balki aholi xavfsizligi va turmush darajasiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Albatta, olib borilayotgan nazorat tadbirlari qurilish sohasida islohotlar amaliy bosqichga o‘tganini ko‘rsatadi. Endigi muhim vazifa esa bu jarayonni barqaror va uzluksiz davom ettirish, har bir qurilish ob’ektida sifat va mas’uliyatni ustuvor tamoyilga aylantirishdir.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/Tgm-fEyvCvI?si=zFlV3io_OwwR0Tah" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri