Qumkashonda uzumchilik rivojlanmoqda
Yurtimizda yer resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, eksportbop mahsulotlar yetishtirish hamda mahallalarda iqtisodiy faollikni oshirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar o‘zining amaliy natijalarini bermoqda. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligida zamonaviy yondashuvlar va ilg‘or tajribalarni joriy etish orqali aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada Buxoro viloyati Olot tumanidagi “Qumkashon” mahalla fuqarolar yig‘inida amalga oshirilayotgan uzumchilik loyihasi alohida ahamiyatga ega. Mazkur tashabbus nafaqat qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, balki mahalliy aholini doimiy ish bilan ta’minlash va turmush darajasini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Loyiha doirasida mahalla hududida uzoq muddatli ijara asosida ajratilgan yer maydonlarida “bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida tizimli ishlar olib borilmoqda. Jami 9 gektar yer maydoni 21 nafar yer egasiga 30-40 sotixdan bo‘lib berilib, “Gigant Sug‘diyona” navli mayizbop uzum ko‘chatlari ekilib, zamonaviy shpaler tizimlari joriy etildi. Bugungi kunda 2 ming 500 dan ortiq ko‘chatlar parvarish qilinmoqda.

Loyihaning yana bir muhim jihati yerdan kompleks va samarali foydalanish yo‘lga qo‘yilganidir. Uzum qatorlari orasida kartoshka, piyoz, sabzi va pomidor kabi sabzavotlar yetishtirilayotgani qisqa muddatda qo‘shimcha daromad olish imkonini yaratmoqda. Bu esa yer unumdorligini oshirish bilan birga, dehqonlar daromadining barqarorligini ta’minlaydi.
Mahalladagi ushbu ezgu tashabbusning ilg‘or namoyondalaridan biri tajribali dehqon Jumaqul ota Tangriyevdir. U kishi ko‘p yillik tajribasi va mehnatsevarligi bilan boshqalarga namuna bo‘lib kelmoqda.
–Avvalo shuni aytish kerakki, bunday imkoniyatlar avvallari kam uchrar edi, –deydi dehqon Jumaqul ota Tangriyev. –Hozir yerdan to‘g‘ri foydalanishga katta e’tibor qaratilyapti. Bizga yer ajratilib, uzumchilikni yo‘lga qo‘yish uchun barcha sharoitlar yaratildi. “Gigant Sug‘diyona” navi juda serhosil va mayiz tayyorlash uchun ham juda qulay. Bu loyiha faqat o‘zimiz uchun emas, butun mahalla uchun foydali. Birinchidan, odamlar ishli bo‘lyapti. Ikkinchidan, yerlar bo‘sh yotmaydi. Uzum qator orasiga sabzavot ekib, qisqa vaqtda daromad olyapmiz. Bu esa oilamizga katta yordam. Nasib qilsa, uzum hosilini yana ko‘paytirishni reja qilganmiz. Eng muhimi, kelajakda mayiz ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish niyatimiz bor. Shu orqali mahsulotga qo‘shimcha qiymat qo‘shiladi, daromadimiz ham yanada ortadi.

Darhaqiqat, “Qumkashon” mahallasida amalga oshirilayotgan uzumchilik loyihasi yaqin yillarda hududning asosiy “o‘sish nuqtasi”ga aylanishi kutilmoqda. Rejalarga ko‘ra, bu tashabbus orqali yuzlab aholi doimiy ish o‘rinlari bilan ta’minlanadi, minglab tonna uzum yetishtirilib, qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi.
Eng muhimi, bu kabi loyihalar nafaqat iqtisodiy samara beradi, balki insonlarning yerga bo‘lgan munosabatini o‘zgartiradi, mehnatga rag‘batni oshiradi va qishloq hududlarini yanada obod va farovon maskanga aylantirishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri