Qulay sarmoyaviy muhit samaralari
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida muvaffaqiyatli biznes yuritish uchun yaratilgan qulay sarmoyaviy muhit, zarur sharoit va imtiyozlar xorijiy ishbilarmonlarning O‘zbekistonga qiziqishini tobora kuchaytirmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida muvaffaqiyatli biznes yuritish uchun yaratilgan qulay sarmoyaviy muhit, zarur sharoit va imtiyozlar xorijiy ishbilarmonlarning O‘zbekistonga qiziqishini tobora kuchaytirmoqda. 2015-yilda mamlakatimiz iqtisodiyotiga jalb qilingan jami investitsiyalarning 21 foizdan ortig‘i xorijiy sarmoyalardan iborat ekani buning yorqin isbotidir. Zero, har qanday tadbirkor o‘z sarmoyasini faqat tinchlik barqaror bo‘lgan, istiqbolli biznes imkoniyatlari kafolatlangan mamlakat iqtisodiyotiga kiritadi va hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi.Toshkent viloyatidagi “Hi-Tech Kabel” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bunga misol bo‘la oladi.
O‘zbekiston va Xitoy ishbilarmonlari hamkorligining amaliy natijasi bo‘lgan ushbu qo‘shma korxona 2006-yilda o‘z faoliyatini boshlagan. Bugungi kunda bu yerda past va yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari uchun ishlatiladigan turli kabel-simlar, jumladan, optik tolali, nazorat kabellari, o‘tkazgichlar ishlab chiqarilmoqda.
Iqtisodiyotimizga chet el investitsiyalarini jalb etish nafaqat xorijiy sheriklar bilan hamkorlikda yangi loyihalarni amalga oshirish, ayni paytda ishlab chiqarishga zamonaviy texnika va texnologiyalar, nou-xaularni joriy etishga xizmat qilmoqda.
“Hi-Tech Kabel” qo‘shma korxonasida mahsulot ishlab chiqarishda “Rosendahl” (Avstriya), “Troester” (Germaniya), “High-Volt” (Germaniya), “Samp” (Italiya), “Nokia” (Finlyandiya), “Caballe” (Ispaniya), “Well Gain Cable Systems” (Xitoy) kabi nufuzli kompaniyalarning yuqori texnologiyali uskunalaridan foydalaniladi. Ishlab chiqarish hajmining oshishi va mahsulot turining ko‘payishi qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish va eksportni kengaytirish imkonini bermoqda. Ayni paytda korxona mahsulotlari mamlakatimiz ichki bozori bilan birga qator davlatlardagi buyurtmachilarga yetkazib berilmoqda.
2015-yilda korxonada 45 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni 50 milliard so‘mga yetkazish rejalashtirilgan. Mahsulotlar yuqori sifati, xalqaro talablarga to‘la javob berishi bilan ajralib turadi. Ular barcha zarur sertifikatlarga ega, sifat menejmenti tizimining ISO 9001:2000 xalqaro standartiga mos.
– Prezidentimiz rahnamoligida xorijiy sarmoyadorlar bilan hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma korxonalarning samarali faoliyat yuritishi uchun beqiyos imkoniyatlar yaratilgani biz, ishbilarmonlarni yangi marralar sari ruhlantirmoqda, – deydi “Hi-Tech Kabel” mas’uliyati cheklangan jamiyati tijorat direktori Azizjon Usmonov. – Jamoamiz kelgusida nafaqat O‘zbekistonda, balki mintaqamizda ishlab chiqarilishi hali yo‘lga qo‘yilmagan yangi turdagi kabellarni tayyorlashni o‘zlashtirishni maqsad qilgan.
“Hi-Tech Kabel” qo‘shma korxonasida to‘rt yuzdan ziyod malakali mutaxassis mehnat qiladi. Ular uchun barcha zarur mehnat va dam olish sharoiti yaratilgan.
– Toshkent aloqa kasb-hunar kollejini tamomlab, mazkur korxonaga ishga joylashdim, – deydi Dilafruz Do‘stmetova. – Mana, ikki yildirki, ta’minot bo‘limida ekspeditor bo‘lib ishlayapman. Kelgusida Toshkent axborot texnologiyalari universitetida ta’lim olib, yetuk mutaxassis bo‘lib yetishish va korxonamiz faoliyati yanada rivojlanishiga hissa qo‘shish niyatidaman.
Korxona yurtimizda hamda turli mamlakatlarda o‘tkaziladigan nufuzli ko‘rgazmalarda faol qatnashib, import o‘rnini bosuvchi, eksportbop kabel mahsulotlari bilan sanoatimizning yuksak salohiyatini namoyish etib kelmoqda.